22:46 / 15.01.2021
9766
Eron ballistik raketalarning keng miqyosdagi sinovini o‘tkazdi

Ayrim manbalar Tehron kutilmagan hujum amalga oshirilishidan xavotirlanayotganini aytmoqda.

Foto: Tasnim News Agency

Eron AQSh bilan munosabatlar keskinlashuvi fonida yangi ballistik raketalar va dronlarning keng miqyosdagi sinovini o‘tkazdi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi komandiri Husayn Salomiy Twitter-akkauntida sinovlar jarayonidan olingan lavhalarni joylashtirdi.

Eronning Press TV telekanalining ma'lum qilishicha, 15 yanvar kuni «Zulfiqor», «Zilzal» va «Dizful» raketalari sinovdan o‘tkazilgan. Xabarga ko‘ra, raketalar dushmanning raketa hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘tuvchi boshqariladigan jangovar kallaklar bilan jihozlangan.

Sinovlar AQSh bilan oxirgi oylarda keskinlashgan munosabatlar fonida o‘tkazildi. 2 yanvar kuni Eron harbiy-dengiz kuchlari Fors ko‘rfazidagi jangovar tayyorgarlikni oshirgani xabar qilingandi. Dekabrda esa Pentagon Iroqdagi Ayn al-Asad harbiy bazasini kuchaytirgan.

Ayrim manbalar Tehron kutilmagan hujum amalga oshirilishidan xavotirlanayotganini aytmoqda.

Avvalroq AQSh va Saudiya Arabistoni Eronga qarshi turish uchun harbiy hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olgani xabar qilingandi.

Top