15:26 / 15.01.2021
15489

Jizzaxda qulagan uy 6 marta hududiy nazorat inspeksiyasi nazoratidan o‘tkazilgani ma'lum qilindi

Jizzax viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi (QSHNI) Jizzaxda qulagan uy bo‘yicha ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 10 yanvar kuni Jizzax shahrining «Zilol» mahallasi Mustaqillik qo‘chasida qulab tushgan ko‘p qavatli binoning birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, ikkinchi va uchinchi qavatlarida turar joy binosi qurish bo‘yicha buyurtmachi «Barakali Qorako‘l Chorvador» fermer xo‘jaligi tomonidan Jizzax viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga murojaat qilgan. Mazkur murojaat Vazirlar Maxkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qaroriga asosan belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun 16-sonli ruxsatnoma berilgan.

Dastlab, «Jizzax Bunyodkor Loyiha» MChJ tomonidan binoning 3 qavatli loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha-smeta hujjatlari «Shaharsozlik hujjatlari» DUK Jizzax viloyat filiali tomonidan 2020 yil 27 yanvar kuni ijobiy yig‘ma ekspert xulosasini olgan.

Shunga qaramasdan, buyurtmachi-pudratchi tomonidan xo‘jalik usuli bilan birinchi va ikkinchi qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda uchinchi–oltinchi qavatlarida turar joy binolari qurilishi bo‘yicha loyiha hujjatlari «Discovery Architecs Group» MChJ tomonidan qayta ishlab chiqilgan. Ammo bu kiritilgan o‘zgartirish Jizzax viloyat Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilmagan.

Obektda qurilish-montaj ishlari 2020 yilning mart oyida boshlangan. Jizzax viloyat QSHNI tomonidan obektda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining loyihaga mosligi, bajarilgan ishlarning sifati ustidan hududiy nazorat inspeksiya inspektorlari tomonidan 6 marta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, nazorat ishlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi yuzasidan 2020 yil 21 avgustda buyurtmachi va pudratchi tashkilot «Barakali Qorako‘l Chorvador» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisiga tegishli tavsiyalar berilgan.

Bundan avvalroq Qurilish vaziri Jizzaxdagi bino qulashi haqida gapirib, nazorat bo‘lmagani hodisaning asosiy sabablaridan biri bo‘lganini aytgandi. 

Mavzu
Jizzaxda 6 qavatli bino qulashi
2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilib, hali foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uy qulab tushdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top