19:50 / 15.01.2021
49314
Kosonda Captiva urib yuborgan yo‘lovchi vafot etgan: avtomashina tuman hokiminiki ekani aytilmoqda

Qashqadaryo viloyatining Koson shahrida 2020 yil 12 dekabr kuni yuz bergan avtohalokat natijasida piyoda voqea joyida vafot etgan. Avtomobil Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayevniki ekani aytilmoqda.

Marhumning qarindoshlaridan biri A.O Kun.uz’ga murojaat qilib, voqeani hikoya qilib berdi.

«Koson shahridagi Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika yaqinidagi piyodalar o‘tish yo‘lkasida avtohalokat yuz bergan. Natijada 60 yoshli Sherali Jumaqulov voqea joyida vafot etgan.

U piyodalar o‘tish yo‘lkasidan o‘tayotganida Captiva rusumli avtomashina urib yuborgan. Uning o‘g‘li Rustam Jo‘rayev tuman IIBga bir necha marta murojaat qilishiga qaramay, voqea va tergov yuzasidan hech qanday ma'lumot berishmagan.

Rustam Jo‘rayev surishtirganida ma'lum bo‘ladiki, Captiva tuman hokimi Asrol Boyqorayevning xizmat mashinasi ekan.

Hujjatlarda esa «Guvalak» mahallasida yashovchi Rahim Jo‘rayev (hokimning birinchi o‘rinbosari haydovchisi) hodisa vaqti rulda bo‘lgani yozilmoqda. Aslida esa Rahim Jo‘rayev o‘sha kuni rulda bo‘lmagan. Mashinani tuman hokimining o‘zi yoki uning o‘g‘li haydagani taxmin qilinmoqda. Bugun tuman IIBga ariza berishga ketyapmiz», degan A.O.

Murojaat muallifining ma'lum qilishicha, o‘sha kuni voqea yuz bergan joyda bo‘lgan guvohlar YTH kechki soat 20:00 atrofida sodir etilganini aytishgan. Avtohalokatni sodir etgan 70 027 KAA davlat raqamli Captiva ichida tuman hokimi, xotini va qizi bo‘lgan.

Shu voqeadan so‘ng hokimning haydovchisi almashtirilgan. Ayb Rahim Jo‘rayevning zimmasiga yuklanmoqda, u esa aybsizligini ta'kidlayapti.

«Murojaat qilishimdan maqsad — nega hech kim holatni o‘rganmayapti va aybsiz odam aybdor qilinyapti?», deya savol qo‘ymoqda murojaatchi.

Ma'lum qilinishicha, Sherali Jumaqulov 5 farzandning otasi bo‘lgan.

«Ushbu avtohalokat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan. Hodisa oqibatida inson vafot etgani tufayli ish yurituv viloyat IIB tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan», dedi Koson tuman IIB TB tergovchisi Husniddin Valiyev.

IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova ushbu hodisa viloyat IIB tergov boshqarmasi nazoratidaligini, viloyat IIB saytida bu borada rasmiy ma'lumot e'lon qilinishini aytib o‘tgan.

I.Po‘latov va O‘.Kamolov tayyorladi

Top