11:14 / 15.01.2021
8842
«Oltin daftar»ga kirgan vatandoshlar». Tashqi ishlar vazirligi yangi siyosatni tushuntirdi

2021 yil davomida «Oltin daftar»ga kirgan xorijdagi vatandoshlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini kengaytirish ishlari olib boriladi.

Foto: Ashraf Xo‘jayev

Tashqi ishlar vazirligi departament direktori Ashraf Xo‘jayev 14 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda 2021 yildagi bajariladigan rejalar qatorida «Oltin daftar»ga kirgan chet eldagi o‘zbekistonliklarni investitsiyaga jalb qilish masalasida gapirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, xorijdagi vatandoshlar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish mamlakat investitsiya salohiyatini o‘stirishda muhim ahamiyatga ega.

«Hozirgi kunda 500 nafarga yaqin vatandoshimiz «Oltin daftar»ga kiritilgan. Ular, asosan, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Buyuk Britaniya, Skandinaviya davlatlari, BAA va Turkiya davlatlarida istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz hisoblanadi. Albatta, bu ro‘yxat kengaytirib boriladi.

Bizning maqsadimiz ularning potensialidan mamlakatga faqatgina investitsiya olib kirishda foydalanish emas, balki tajribalarini o‘rganishni ham yo‘lga qo‘yamiz. Ular bilan mutaxassislarimiz ishtirokida o‘quv seminarlar tashkil etamiz. Shu orqali tajribamizni oshiramiz. Bank, AT va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashamiz», – dedi vazirlik rasmiysi.

Avvalroq O‘zbekistonda «Oltin daftar» atamasi joriy etilishi, unga mamlakat taraqqiyotiga xizmat qila oladigan, xorijda ishlab yoki o‘qiyotgan salohiyatli vatandoshlarimizni kiritish xabari berilgandi.

«Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, Turkiyada ham, Xitoyda ham, Hindistonda, Yevropa davlatlari, masalan, Italiya va Irlandiyada ham shunday tajriba bo‘lgan – o‘z vaqtida xorijda shakllangan diasporalarning salohiyati mamlakat taraqqiyotiga jalb qilingan.

Xitoy misolida olsak – ularning diasporasini xuatsyao deyishadi – 90-yillarda xorijdan Xitoyga kirib kelgan investitsiyalarning salkam 90 foizi bevosita xorijda yashayotgan xitoyliklar bilan bog‘liq bo‘lgan», – degandi u.

Shuningdek, O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi «Oltin daftar»iga kiritilgan vatandoshlar soni 100 kishidan oshgani, ular tomonidan mamlakatimizga kiritilishi kutilayotgan investitsiyalar hajmi 14 million dollarni tashkil etishi aytilgan.

Top