12:28 / 15.01.2021
2541
«O‘zstandart» agentligining 2021 yildagi 8ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi

Agentlik yangi qonun loyihalari, laboratoriyalar tashkil etish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bundan tashqari, YeOII talablarini joriy etish bo‘yicha vazifasi ham mavjud.

Foto: Javlon Kattaxo‘jayev

14 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zstandart» agentligida joriy yilda amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Hozirda joriy etilgan tashqi savdoni notarif boshqarish tizimi xalqaro andoza va standartlarga javob bermasligi hukumat tomonidan tanqid qilindi. Bu borada faoliyatimizning 8ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi», – dedi «O‘zstandart» agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Javlon Kattaxo‘jayev.

Ma'lum qilinishicha, o‘zgarishlar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi aytib o‘tildi:

1. Sinov laboratoriyalarini xalqaro andozaga yetkazish maqsadida, o‘lchov tizimlarini rivojlantirish dasturiga muvofiq, 2,1 million dollarga 3ta yangi gaz shaklidagi moddalarning hajmi va sarfi, tovush bosimi, yorug‘lik kuchi va foydalanilayotgan etalonlarni to‘ldiruvchi moslamalari xarid qilinishi hamda ishga tushirilishi kutilmoqda.

2. Oziq-ovqat, metall, elektrotexnika, polimet kimyo, to‘qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlarini sinash laboratoriyalari zamonaviy xalqaro standartlarga asosan yaratiladi va mavjudlari modernizatsiya qilinadi.

3. Mahalliy ishlab chiqilgan mahsulotlarning xorijiy bozorlardagi raqobatdoshligini oshirish maqsadida, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda, Yevropada qo‘llaniladigan yorliqlash tizimi 20dan ziyod tashkilotda joriy qilinishi rejalashtirilgan.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ko‘rsatilgan yordam bilan Jahon savdo tashkilotining texnik to‘siqlar bo‘yicha kelishuviga asosan, standartlarni qo‘llash bo‘yicha yangi qonun loyihasi tayyorlangan va qonun 2021 yilda Oliy Majlisga taqdim qilinadi.

5. Joriy yilda Xalqaro akkreditatsiya forumiga a'zo bo‘lish uchun choralar ko‘riladi.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda 7 ming gektardan ziyod yer maydonda Global GAP va organik tizimlarni joriy qilish ishlari olib boriladi.

7. Jahon savdo tashkilotining texnik to‘siqlar haqidagi normalariga asosan 2ta qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

8. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida joriy etilgan talablar, qoidalar va normalarni iqtisodiyotga joriy qilish, sanoat mahsulotlarini ushbu bozorga tayyorlash maqsadida 50ta texnik reglament amaliyotga kiritilgan va yangi kiritiladigan texnik reglamentlar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi normalariga uyg‘unlashtirilishi aytildi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning o‘zida Jahon banki hamkorligida viloyatlardagi 8 hududda 9,5 mln dollarlik laboratoriyalar shakllantirildi.

Agentlik oldida yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.

O‘tgan yil kuzda davlat rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «O‘zstandart» agentligiga avtomobil komponentlari, kimyo, oziq-ovqat, qurilish materiallari tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish topshirilgandi. Shuningdek, 5 mingdan ziyod eski standartlarni bekor qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta'minlash texnik reglamentlarini Yevropa va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.   

Top