23:10 / 15.01.2021
17697

Rossiyaning ikki qurilish kompaniyasi Farg‘ona vodiysida ishga qabul e'lon qildi

Ishchining malakasi va ish hajmiga qarab, oyiga 500 dollardan 1500 dollargacha maosh va'da qilinmoqda.

Foto: O‘zA

Rossiyaning yirik qurilish kompaniyalari – «PIK-Industriya» AJ va «TexStroy» MJCh Farg‘ona vodiysida bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlov o‘tkazmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi.

Besh kun davomida montajchi, elektr payvandchi, elektr montajchi, g‘isht terish, qoliplash kabi ishlarga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatidan ishga bormoqchi bo‘lganlar saralab olinadi.

«PIK-Industriya» AJ va «TexStroy» MChJ vakillari bo‘sh ish o‘rinlariga tanlab olishda rus tilini bilish darajasi, kasbiy malakasiga ko‘proq e'tibor qaratmoqda.

Foto: O‘zA

Ish beruvchilarning aytishicha, tanlab olingan mehnat migrantlariga ish joyida zarur sharoitlar yaratib beriladi, ijtimoiy muhofaza qilinadi.

Kompaniyalar ishchining malakasi va ish hajmiga qarab oyiga 500 dollardan 1500 dollargacha ish haqi va'da qilmoqda.

Rossiyaning bu kompaniyalarida jami 14 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish imkoniyati borligi aytilmoqda.

Tanlov Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tmoqda; unda 15–16 yanvar kunlari Andijon, 17–18 yanvar kunlari Farg‘ona, 19 yanvar kuni Namangan viloyati fuqarolari qatnashadi.

Foto: O‘zA

Ma'lumot uchun, Farg‘ona shahrida «Ishga marhamat» monomarkazi ochilib, turli kasblarga o‘qitishni boshlagan. Farg‘ona tumanida kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etilib, shahar va tumanlarda 17 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hududlarda qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari ham tashkil etilgan. Rasmiylarga ko‘ra, hozirga qadar bu markazlarda 5 mingdan ortiq aholi kasb-hunarga o‘qitilgan.

Ma'lum qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyat hududiy filiali xorijlik ish beruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatib, mingdan ortiq fuqaroni Rossiyaga ishga yuborgan. Ayni kunlarda Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya davlatlaridagi ish beruvchi kompaniyalar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top