20:18 / 15.01.2021
2116
Senatga mahalliy kengashlar qarorlarini bekor qilish vakolati berildi

Endilikda Senat xalq deputatlari kengashlarining qarorlarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan qonunda aks etgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlarining Konstitutsiya va qonunlarga, prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi masala jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining ma'lumotlari asosida Senat tomonidan qo‘mitalarning tashabbusiga ko‘ra 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Mahalliy kengashlarning qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Senat qaror qabul qiladi.

Senatning mahalliy kengash qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e'tiboran 5 kun ichida tegishli xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashiga ijro etish uchun yuboriladi.

Shuningdek, qonun bilan Senatga Davlat budjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolati berilmoqda hamda Moliya vazirligi Senatga Davlat budjeti ijrosining borishi to‘g‘risidagi axborotni va zarur materiallarni har chorakda yuborishi belgilandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan hisobotlarini Senat tomonidan eshitish tartibi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Senat Raisi Tanzila Norboyeva Senatning o‘ninchi yalpi majlisida yuqoridagi Qonunni ko‘rib chiqish jarayonida mahalliy kengashlar qarorini Senat tomonidan bekor qilish tartibi haqida gapirgandi.

«Bunda asosiy e'tibor mahalliy kengashlarning qonunchilikka mos kelmaydigan qarorlarini nafaqat bekor qilishga, balki bunday qarorlar sonini kamaytirish va imkon qadar qabul qilinishining oldini olishga qaratiladi», deya ta'kidlagandi u.

Top