13:46 / 15.01.2021
13734
Yevropa sudi Qrim borasidagi Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi bahsni ko‘rib chiqishga rozi bo‘ldi

Yevropaning inson huquqlari bo‘yicha sudi (YeIHS) Ukrainaning Rossiyaga qarshi Qrimda inson huquqlarining tizimli ravishda buzilishi haqidagi shikoyatini ko‘rib chiqishga qaror qildi. Sud Ukraina tomonining Qrim 2014 yilning 27 fevralida amalda Rossiya nazoratiga o‘tgan degan versiyasi bilan ish boshlaydigan bo‘ldi. Qrimning qo‘shib olinishiga qarshilarga nisbatan siyosiy qatag‘on va ta'qiblar va bunga Rossiya tarafi javobgarligi endi amalda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Bu Yevropa sudi Katta palatasining davlatlararo ishlardagi Ukrainaning shikoyatlari bo‘yicha ilk ishidir. U Qrimdagi Rossiya hukumatining «ma'muriy amaliyot»iga taalluqli. Ukraina Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga qarshilar va boshqa «himoyasiz guruhlar»ni tizimli qatag‘on qilinishi shuning natijasi deb hisoblaydi.

YeIHSga 2014 yildan beri shaxslardan Qrim va Ukrainadagi voqealar bilan bog‘liq Rossiyaga qarshi 7 ming shikoyat tushgan.

Sud Rossiyaning Qrimda Yevropa konvensiyasini buzganini ko‘rib chiqadi. Qachon hal qiluvchi qaror chiqarilishi ma'lum emas. Bunga bir necha yil ketishi ham mumkin.

Katta palata rasmiy Kiyevning 2014 yil 27 fevraldan boshlab Qrim yarimoroli amalda Rossiya nazoratiga o‘tgan degan versiyasiga qo‘shildi. Bunga 2014 yilning yanvaridan martiga qadar Rossiyaning Qrimda Ukraina hukumati roziligisiz yoki u yerda Rossiya harbiy kuchlarining bo‘lib turishiga yetarli tahdid bo‘lganiga asoslarsiz harbiy nazoratni kuchaytirgani guvohlik beradi.

Sud Ukraina hukumati Rossiya qo‘shinlari passiv kuzatuvchi maqomida bo‘lmagani, aksincha, Ukraina shikoyat qilgan hodisalarda faol ishtirok etgani haqida yetarlicha dalil keltirgan deb hisoblaydi. Gap Qrim parlamenti va vazirlar kengashi binosi qamal qilingach, Qrimda hokimiyat almashgani haqida ketyapti. Shundan keyin rus harbiylari diversion operatsiyalar bilan Qrimga quruqlik, suv va havo yo‘llari orqali kirish va chiqish punktlarini nazoratga olishgan, deya shikoyat qilmoqda Ukraina.

Ukraina nimadan shikoyat qilgan?

Ukraina hukumati Rossiyani Inson huquqlari Konvensiyasining 12 moddasini buzishda ayblamoqda:

  • yashash huquqi (2-modda);
  • qiynoqlar, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni yerga urishni taqiqlash (3-modda);
  • erkinlik va xavfsizlik huquqi (5-modda);
  • adolatli sudlov huquqi (6-modda);
  • shaxsiy hayotga hurmat huquqi (8-modda);
  • e'tiqod qilish huquqi (9-modda);
  • fikrini bildirish huquqi (10-modda);
  • to‘planish va birlashish huquqi (11-modda);
  • malakali huquqiy himoyaga ega bo‘lish huquqi (13-modda);
  • diskriminatsiyani taqiqlash (14-modda);
  • mulkni muhofaza qilish (Konvensiyaning №1 protokoli 1-moddasi);
  • ko‘chish huquqi (№4 protokolning 1-moddasi).

Rossiya tomoni bularning bari inson huquqlari buzilishi emas, Qrimning Rossiya yurisdiksiyasiga o‘tgani bilan bog‘liq «siyosiy ish» ekanini aytgan.

Strasburgdagi tinglovlar qanday o‘tdi?

Bu ish bo‘yicha tinglovlar 2019 yil 11 sentyabrda bo‘lib o‘tgandi. Unda Rossiya va Ukraina nomidan har ikki davlatning adliya vazirlari o‘rinbosarlari bilan birgalikda britaniyalik barristerlar va qirollik maslahatchilari qatnashishgan. Rossiya tarafdan ilgari Gruziya va YuKOS bilan bo‘lgan bahslarda Rossiya manfaatlarini himoya qilgan atoqli advokat Maykl Sveynston qatnashgandi.

Rossiya Adliya vazirligi va Sveynston hamda Rossiyaning «Ivanyan va hamkorlari» advokatlik byurosi o‘rtasidagi 2016 yildagi «Qrim ishi» bo‘yicha qariyb 500 million rubllik shartnoma tuzilgan. Qonunchilikdagi shartnomalar tizimi o‘zgarib qolish ehtimoli borligi tufayli kelgusi shartlar oshkor qilinmagan.

Ukraina tomondan esa, Rossiya FSBsining zaharlangan sobiq xodimi Aleksandr Litvinenko manfaatlarini himoya qilgan Ben Emerson qatnashdi. Natijada Strasburgdagi tinglovlar britaniyalik advokatlarning dueliga aylanib ketdi.

Ukraina tomoni 27 fevraldagi voqealarni «harbiy to‘ntarish» deb da'vo qilgan bo‘lsa, Rossiya tarafining fikricha, Qrim voqealari Kiyevdagi «antikonstitutsion to‘ntarish» oqibatida yuz bergan.

Rossiyaning versiyasiga ko‘ra, Ukraina qonunbuzarliklarga bevosita dalillar keltira olmagan, 2014 yil 18 martdagi referendum natijasiga ko‘ra Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga qadar yarimorolda yuz bergan voqealar uchun esa, Ukrainaning o‘zi javobgar.

Ukrainaning da'vosicha, Qrimning Rossiya yurisdiksiyasiga o‘tishiga qarshilarning huquqlari ommaviy tarzda buzilganiga yetarlicha dalillar bor, Rossiya hukumati esa bu holatlarni o‘rganib chiqmagan va Qrimga xalqaro monitoring missiyalari kirishiga qarshilik qilgan.

Sudda Ukrainaning Rossiyaga qarshi yana qanday shikoyatlari bor?

Katta palatada, shuningdek, Ukraina sharqida ro‘y bergan hodisalar bo‘yicha uch davlat o‘rtasidagi shikoyatlar bo‘yicha ham ish bor. Ko‘rilayotgan ishlar orasida urib tushirilgan deya taxmin qilinayotgan yo‘lovchi samolyoti bo‘yicha ham da'vo mavjud (unda Ukraina va Niderlandiya da'vogarlar sifatida ariza berishgan).

Ishlardan biri Ukraina fuqarolarining Rossiyada turli jinoiy ayblovlar bilan qo‘lga olinishi va ta'qib qilinishi bilan, yana biri 2018 yil noyabrida Kerch bo‘g‘ozida Ukrainaning uch harbiy dengiz kemasi va ularning ekipaji hisbga olinishi bo‘yicha ish.

Strasburgga, shuningdek, yuqoridagi ishlar bilan bog‘liq 7000 shaxsiy shikoyatlar tushgan.

Yevropa sudi davlatlararo ishlarni qanday ko‘rib chiqqan?

1953 yil Yevropa konvensiyasi kuchga kirganidan boshlab 27ta davlatlararo ish qo‘zg‘atilgan. Ularning to‘qqiztasi Rossiyaga qarshi bo‘lgan (da'vogarlar Gruziya, Ukraina va Niderlandiya).

Strasburgda Kiprning Turkiyaga qarshi shikoyati (1974 yilda Kipr hududini bo‘lishga harbiy urinish tufayli) va Gruziyaning Rossiyaga qarshi ikki shikoyati (gruzinlarni ommaviy tarzda deportatsiya qilish hamda 2008 yildagi Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi qurolli mojarolarda inson huquqlari buzilishi) bo‘yicha ishlar ko‘rilgan bo‘lgan. Jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash uchun Kiprga 90 million yevro, Gruziyaga esa 10 million yevro to‘lab berish hukmi chiqarilgan.

Faqat bir ishdagina murosaga kelingan: 2000 yili Turkiyada qo‘lga olingan Daniya fuqarosiga qilingan shafqatsiz muomila tufayli ochilgan ish kelishuv bilan tugagan. Turkiya hukumati uzr so‘ragan va jabrlanuvchiga kelishilgan summada tovon puli to‘lab bergan.

Yevropa sudida yana 11ta davlatlararo ish ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Ular orasida Ukraina va Gruziyaning Rossiyaga qarshi da'volari, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi ortidan Armanistonning Ozarboyjon va Turkiyaga qarshi shikoyatlari ham navbatda turibdi.

Top