16:24 / 16.01.2021
10361
30 yilda ham ta'mir ko‘rmagan ko‘chani nurobodliklarning o‘zi yamayapti. Ammo bu tokaygacha?

Samarqand viloyati Nurobod tumani O‘rtabo‘z qishlog‘i tuman markazidan 18-20 kilometr uzoqlikda joylashgan. Tuman markazi bilan bu qishloqni mahalliy ahamiyatga ega 4N639 Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘li bog‘laydi. Mazkur yo‘lning ta'mirtalab bo‘lganiga ancha yillar bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, uni ta'mirlaydigan tashkilot yo‘q. Hamma unutgan.

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Nurobod tumani O‘rtabo‘z qishlog‘i aholisidan yo‘llandi. Unda yozilishicha, mazkur qishloqni tuman markazi bilan bog‘laydigan mahalliy ahamiyatga ega 4N639 Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘li SSSR davrida qurilgan va asfalt qilingan. Yillar o‘z so‘zini aytib, bu yo‘lning ta'mirtalab bo‘lib qolganiga ham ancha yillar bo‘lgan.

Mazkur yo‘lning so‘nggi marta qachon ta'mirlanganini hatto qishloq oqsoqollari ham eslay olmaydi. Biri sovet davrida asfalt qilinganidan so‘ng shu holida qolib ketdi, desa, yana biri SSSR tarqash arafasida yamab chiqishgandi, shekilli, deydi.

Murojaatda ma'lum qilinishicha, o‘tgan 30 yil mobaynida bu yo‘l biron marta ham ta'mirlanmagan. Yo‘q, «ta'mirlangan» – 1-2 marta tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan loy aralash qum bilan yamab chiqilgan, ba'zi joylariga shag‘al to‘kib berilgan. Unda ham hammasi emas, ma'lum bir qismi.

Ta'kidlanishicha, mazkur yo‘ldan tumanning to‘rtta qishlog‘i – O‘rtabo‘z, Mehr, Olg‘a va Hazarmatli aholisi foydalanadi. Yo‘lning umumiy uzunligi 29 kilometr. Tuman markazidan O‘rtabo‘zgacha bo‘lgan qismi 18 kilometr.

Inson sabrining chegarasi bor deyilganday, o‘rtabo‘zliklarning sabri shu kunlargacha yetdi. Tuman hokimligiga, tuman yo‘llardan foydalanish korxonasiga va yana boshqa bir qator mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilaverib charchagan qishloq ahli oxiri shu kunlarda hasharga chiqdi hamda yo‘lni qo‘lbola usulda ta'mirlashga kirishdi. Xuddi yo‘lsozlarday avval chuqurlardagi loy tozalanib, so‘ng unga beton qorishmasi quyilyapti. Asfalti batamom yo‘q bo‘lib ketgan joylarga shag‘al to‘ktirishyapti. Ammo bu oson bo‘lmayapti.

«Biz foydalanayotgan mazkur yo‘l qurilganidan so‘ng biron marta ta'mirlanmagan. Esimizni taniganimizdan buyon shu nosoz yo‘ldan tuman markaziga borib kelamiz. Bunday ta'mirtalab yo‘llarda yurgan har qanday mashina bir yilga bormay «to‘kilib» ketadi. Qolaversa, elchilik, kasal bor, bemor bor, ularni bu yo‘ldan olib yurish juda xavfli. Tuman markazidagi shifoxonaga olib borguncha har qanday bemorning ahvoli battar bo‘ladi. Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasiga murojaat qilsak, har doim mablag‘ yo‘qligini aytadi. Hozir hasharda har kuni 50-60 nafar odam ishlayapti. Ularning tushligiga, shuningdek, sement va shag‘alga ancha mablag‘ ketib qolyapti. Qolaversa, yuk mashinada olib kelinayotgan shag‘alni 1,2 million so‘mdan sotib olyapmiz. Kuchimiz yetgan joygacha ta'mirlab boramiz. Qolgani shu holicha qoladi», deydi murojaatchilardan biri Bobur Elomonov.

Shundan so‘ng, murojaat yuzasidan Samarqand viloyati yo‘llardan foydalanish boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Akbar Mirzayevdan izoh oldik. U haqiqatan ham 4N639 Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘li ancha yillardan beri jiddiy ta'mirlanmaganini tasdiqladi. Uning aytishicha, Nurobod tumani juda katta hududda joylashgan. 2018-2020 yillarda mazkur tumanda jami 50 kilometrdan oshiq ichki yo‘llar asfalt qilib berilgan. Tumandagi barcha yo‘llarni birdaniga asfalt qilishning iloji yo‘q. Shu sababli yo‘llar navbati bilan ta'mirlab berilyapti.

Akbar Mirzayev, Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘lidagi chuqurlar, nosoz joylar 2017-2019 yillarda shag‘al to‘kilib ta'mirlangani 2020 yilda yo‘lning 0 kilometridan boshlab 800 metr (!) asfalt qilinganini bildirdi. Qishloq ahli esa Olg‘a qishlog‘idan boshlangan joyida 800 metr asfalt qilinganini tasdiqlashdi, ammo yo‘lning so‘nggi 4 yilda shag‘al to‘kilib, ta'mirlanganini inkor qilishdi. Ularning aytishicha, tuman yo‘l bo‘limi yo‘lning biroz qismini bundan 4-5 yil avval qum to‘kib ta'mirlagan. Shunda ham yonilg‘i va ishchilarning tushligi uchun qishloq ahlidan pul yig‘ilgan.

Eng qizig‘i, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining saytida Samarqand viloyatidagi avtomobil yo‘llari va ularning texnik holatini ko‘rsatuvchi ochiq elektron ma'lumotda jami uzunligi 29 kilometr bo‘lgan 4N639 Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘lining texnik holatini «23 kilometri qoniqarli, 6 kilometri qoniqarsiz» deb berilgan. Ana shu yerda savol tug‘iladi. Nega Samarqand viloyat yo‘llardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Kun.uz’ga bergan izohida 4N639 Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘li uzoq yillardan beri jiddiy ta'mirlanmaganini, faqat 2020 yilda bor-yo‘g‘i 800 metr (!) joyi asfalt qilinganini va 2017-2019 yillarda qum to‘kib berilganini aytyapti-yu, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining saytida mazkur yo‘lning 23 kilometri qoniqarli ahvolda ekanligi, bor-yo‘g‘i 6 kilometri qoniqarsiz ahvolda ekanligi keltirilyapti? Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga Samarqand viloyatidagi barcha yo‘llarning texnik holati haqida viloyat avtomobil yo‘llardan foydalanish boshqarmasi ma'lumot berishini inobatga olsak, unda nega boshqarma mutasaddisi bizga boshqa ma'lumot beryapti-yu, qo‘mitaga boshqacha ma'lumot taqdim etilyapti? Bu savolimizni Akbar Mirzayev ochiq qoldirdi.

Balki, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining yo‘llar «qoniqarli» yoki «qoniqarsiz» ekani haqida o‘z o‘lchovlari bordir?! Shu savolga javob olish uchun qo‘mita saytida «matbuot kotibi» deb yozilgan yozuv ostidagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, negadir operator ko‘tardi va u matbuot kotibi bilan ulab bera olmadi. Ana shu o‘rinda «balki joylarda yo‘llarning qoniqarsiz holati Toshkentga «qoniqarli» tarzda taqdim etilayotganmikin, degan gumon ham xayolimizga kelgani bor gap. Bugun holati qoniqarsiz va ta'mirtalab bo‘lib turgan 4N639 Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘li Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining saytida berilgan ro‘yxatda «qoniqarli» deb berilayotgani shunga ishora qilyapti, harqalay.

Yuqoridagi gaplarni o‘qib, «Qishloq ahli o‘zi yuradigan yo‘lni hashar bilan ta'mirlasa nima bo‘libdi?!» deyishingiz ham mumkin. Hashar xalqimizning ajoyib qadriyatlaridan biri ekanligini biz ham bilamiz. Ammo qandaydir ishga odamlar o‘z ixtiyori bilan chiqsa hashar hisoblanadi, majburlikdan, ilojsizlikdan chiqqani va ishlagani, shuningdek, bu tarzda tashkillashtirilgan ishlar hashar hisoblanmaydi. Shunday ekan, O‘rtabo‘z qishlog‘i ahli ham Nurobod – O‘rtabo‘z – Mehr – Olg‘a avtomobil yo‘lini majburlikdan, chorasizlikdan, turli mutasaddi idoralarga qatnayverib natija chiqara olmaganidan so‘ng ilojsiz qolib o‘zi hashar yo‘li bilan ta'mirlayapti. Oilasi uchun, bola-chaqasi uchun sarflashi lozim bo‘lgan puldan yo‘l ta'miri uchun ajratyapti. Ammo bu holat qachongacha davom etadi? Qachongacha turli davlat tashkilotlari bajarishi kerak bo‘lgan ishlarni xalq hashar yo‘li bilan bajaradi?

P.S. Agar ishlar to‘g‘ri tashkil etilsa va avtomobil yo‘llarni ta'mirlash va ekspluatatsiya qilishda jahon tajribalaridan foydalanilsa, aholi tezroq sifatli yo‘llardan foydalana boshlarmidi?! Aks holda nafaqat O‘rtabo‘z, Mehr, Olg‘a va Hazarmatli qishloqlari ahli, balki mamlakatimizdagi yana ko‘plab aholi punktlari yaqin kelajakda sifatli yo‘llarni ko‘rmaydi-yov!

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top