09:44 / 16.01.2021
28812

«UzReport TV» telekanali tasvirchisiga tajovuz qilindi. Telekanal rasmiylari sud qaroridan norozi

2021 yilning 13 yanvar kuni “UzReport” axborot agentligi o‘zining rasmiy sahifalari orqali “Andishaning oti qo‘rqoqmi?” sarlavhali videoni e'lon qildi. Unda telekanal operatori ichki ishlar organlari xodimlari bilan o‘tkazilayotgan tezkor tadbirni tasvirga olish jarayonida 2 nafar shaxsning jismoniy qarshiligiga uchragani namoyish etilgan.

“UzReport TV” telekanali DYHXX bilan hamkorlikda poytaxt yo‘llarida sodir bo‘lgan qoidabuzarliklarni voqea joyidan yoritib boruvchi “No comment” dasturini efirga uzatib keladi. 2020 yil 13 sentyabr kuni Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatuv ijodkorlari DYHXX xodimi Qahramon Xudoyberganov boshchiligida o‘z vazifalarini bajarayotgan vaqtda yo‘l-transport hodisasiga aloqasi bo‘lmagan bir necha shaxs telekanal operatorining tasvirga olish ishlariga to‘sqinlik qilgan. Mazkur fuqarolarning tajovuzkor harakatlari natijasida operator foydalanayotgan kamera yaroqsiz holga kelgan.

“Kerak bo‘lgan har bir detalni suratga olishim kerak. Bu – mening vazifam. Suratga olib turganimda oldimga kelib qo‘pol gaplar va harakatlar bilan tahdid qilishib, kameramni yaroqsiz holatga keltirishdi” – deya voqea tafsilotlarini bayon qildi telekanal tasvirchisi Fayoz Baxtiyorov.

Aytish joizki, telekanal operatori holat yuzasidan tegishli chora ko‘rishni so‘rab, ichki ishlar organiga ariza taqdim etgan. Mazkur ish bo‘yicha 2020 yil 23 sentyabr kuni Chilonzor tumani ma'muriy sudining qarori e'lon qilingan. Ammo operator sud qaroridan norozi ekanligini bildirmoqda.

“Sud chiqargan qarordan noroziman, chunki qarorda men ko‘chada ketayotganimda ikki nafar fuqaro bilan ko‘cha jangida qatnashganligim aytilgan. Men bu qarordan qoniqmadim. Chunki, men arizamda yozib o‘tganimdek, xizmat vazifamni bajarayotgan joyimda menga qo‘pollik qilishgan” – deydi Fayoz Baxtiyorov.

Telekanal ma'muriyati voqea joyida bo‘lgan ichki ishlar nozirining sudga taqdim etgan bayonnoma, ariza va bildirgilarida voqea bayoni butunlay boshqacha talqin qilingan, deya ta'kidlamoqda. Voqeadan so‘ng tasvirga olingan, ichki ishlar noziri hamda DYHXX xodimi Qahramon Xudoyberganov ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirish jarayoni aks etgan videotasvir bunga isbot sifatida keltirilmoqda. Unda mazkur ikki xodimning bayonnomaga voqea tafsilotlarini kiritishda o‘zaro tortishayotgani, xususan, ichki ishlar noziri voqea tafsilotlarini tajovuzkor shaxslar foydasiga yumshatishga urinayotgani, DYHXX xodimi esa tajovuz natijasida kameraga shikast yetkazgan shaxsga javobgarlik qo‘llanishi kerakligini ta'kidlayotgani aks etgan.

“Sud qarorida voqea tafsiloti umuman boshqacha bayon etilgan. Ya'ni, bayon qismida “fuqarolar Chilonzor tuman hududida bir-birlari bilan urishib, jamoat tartibini buzishganligi aniqlangan” deb ko‘rsatilgan. Aslida voqea tafsiloti umuman boshqacha bo‘lgan. Xodimimiz Fayoz Baxtiyorovga qilingan tahdid oqibatida unga tan jarohati yetkazilishi mumkin edi.

Bundan tashqari, ma'muriy qarorda huquqbuzarlar tomonidan “UzReport” axborot agentligining videokamerasi sindirilib, moddiy zarar yetkazganligi, shuningdek ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablari bajarilmaganligi holatlari yoritilmagan va bu holatlarga huquqiy baho berilmagan” – dedi “UzReport” axborot agentligi yuriskonsulti Mirzohid G‘aniyev.

“UzReport” axborot agentligi mazkur holat bo‘yicha aybdorlar jazolanishi uchun oxirigacha kurashishini ma'lum qildi.

“Sud qaroriga ko‘ra, telekanal xodimi shunchaki ko‘chada boshqa fuqarolar bilan mushtlashgan. Nima uchun bunday qilindi? “Ko‘cha qahramonlari” ishini rasmiylashtirgan “uchastkovoy”lar ishladimi? Holat bo‘yicha prokuratura, IIV va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan izoh kutyapmiz”, – deyiladi axborot agentligi saytida.

Mazkur holat yuzasidan “UzReport” axborot agentligi tomonidan qanday harakatlar amalga oshirilayotganini bilish maqsadida agentlik bilan bog‘landik. Agentlik yuriskonsulti Mirzohid G‘aniyevning ma'lum qilishicha, telekanal tasvirchisi Fayoz Baxtiyorov sud qarorini bekor qilish va ishni yangidan ko‘rishni so‘rab kassatsiya tartibida shikoyat kiritgan. “UzReport” axborot agentligi esa Toshkent shahar prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, yuqoridagi vaziyatda ichki ishlar xodimlarining harakatlarini ko‘rib chiqib, natijasi bo‘yicha tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham mazkur holatga munosabat bildirib, vaziyat to‘g‘ri baholanib, aybdorlar jazolanishi shartligini ta'kidladi.

“Uzreport” telekanali xodimiga fuqarolar tomonidan qilingan tajovuzga huquq-tartibot organlari xodimlari to‘g‘ri va adolatli baho berishi, aybdorlar esa qonunda belgilangan jazoga tortilishi shart. Biz huquqiy davlatda yashaymiz. Qonun ustuvorligiga erishish o‘z qo‘limizda. Ushbu holatni oxirigacha kuzatib boramiz” – deydi Komil Allamjonov.

Voqea aks etgan videotasvirga yuzlanadigan bo‘lsak, mazkur vaziyatda sud qarorida aytilganiday ikki tomonlama mushtlashuv emas, balki ikki kishi tomonidan xizmat vazifalarini bajarayotgan telekanal xodimiga uyushtirilgan tajovuzga guvoh bo‘lish mumkin. Holat bo‘yicha telekanal xodimiga tashlangan shaxslarning, shuningdek ichki ishlar xodimlarining harakatlari atroflicha o‘rganilib, vaziyatga xolisona baho berilishiga umid qilamiz.

Eslatib o‘tamiz, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-2-moddasiga ko‘ra (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish oz miqdorni tashkil etsa (6 mln 690 ming so‘m) 1 mln 115 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa (6 mln 690 ming so‘mdan 22 mln 300 ming so‘mgacha) 2 mln 230 ming so‘mgacha jarima yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Top