17:03 / 16.01.2021
29627
«Xorijda 80 ming dollar grant yutib, O‘zbekistonda tahsil olishni afzal ko‘rdim» – prezident elchixonada amaliyot o‘tash imkoniyatini bergan talaba bilan suhbat

Gulruxbonu Shokirova 17 yoshda. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro iqtisodiyot va menejment yo‘nalishida 1-bosqichda tahsil olmoqda.

Gulruxbonu 15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Yunusobod tumani faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida ishtirok etdi va ilgari surgan taklifi uchun O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida amaliyot o‘tash imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Qiziqarli jihati, Gulruxbonu maktabni tamomlagach, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorlanib, mahalliy va xorijiy – jami 43ta oliygohga qabul qilinadi. Bular sirasida jahonning top-500ligiga kiruvchi oliygohlar bo‘lsa-da, u O‘zbekistonda tahsil olishni ma'qul ko‘rdi.

Kun.uz muxbiri nufuzli oliygohlarga kirish jarayoni qanday kechgani va davlat rahbariga bildirgan taklifi bo‘yicha Gulruxbonu bilan suhbatlashdi.

“Manaman degan universitetlardan taklif kelgan bo‘lsa ham o‘z vatanimda qolishni istadim”

Yunusobod tumanidagi 250-maktabni oltin medal bilan tamomlaganman. Maktabda o‘qish davomida ona tili va adabiyot fanlaridan olimpiadalarda, she'r, insho yozish bo‘yicha tanlovlarda qatnashib, shahar va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman.

Maktabni bitirgandan so‘ng oliy ta'lim muassasalariga o‘z hujjatlarimni topshirishga tayyorgarlik ko‘ra boshladim va 43ta oliygohga o‘qishga qabul qilindim. Ularning 16tasi O‘zbekistonda, qolganlari dunyoning boshqa mamlakatlarida, xususan, Buyuk Britaniya, AQSh, Polsha, Kanada, Avstraliya kabi davlatlarda joylashgan. Men o‘qishga qabul qilingan oliygohlarning aksariyati dunyoning top-500taligiga kiruvchi universitetlar hisoblanadi. Jumladan, Bredford (Angliya), Manchester (Angliya), Kanada Uest (Kanada), Vistula (Polsha), Charlz Start (Avstraliya), Florida texnologiya instituti (AQSh), Toronto (Kanada) universitetlari. Kanada Uest universitetida esa 80 ming dollar miqdorida grant yutib oldim.

AQSh va Britaniya oliygohlariga hujjat topshirish uchun commonapp.org va ucas.com platformalaridan foydalandim. Yaxshi natijaga erishishimdagi eng muhim omil ingliz tilini bilish ko‘nikmalarini baholash tizimi – IELTS’dan 7 ballga egaligim bo‘ldi. Chunki ingliz tilini bilish ko‘rsatkichi qancha yuqori bo‘lsa, xorijiy oliygohga qabul qilinish ehtimoli ham shunchalik ortadi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy oliygohlar filiallari – Vestminster, Amiti, Sharja, Yodju, Britaniya menejmenti kabi universitetlarga ham onlayn imtihon orqali qabul qilindim. Bundan tashqari, Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan milliy kirish test sinovlarida qatnashib, eng yuqori - 189 ballni qo‘lga kiritdim, tanlagan oliygohlarimning beshtasiga ham davlat granti asosida talablikka tavsiya etildim.

Tahsil olish uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tanladim. Bunga sabab, manaman degan universitetlardan taklif kelgan bo‘lsa ham, o‘z vatanimda qolishni istadim. Chunki O‘zbekistonda ham yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bundan unumli foydalanib, kelajakda xalqaro toifadagi iqtisodchi bo‘lishni istayman.

Oliy ta'limga kirish taraddudidagi yoshlarga maslahatim – ilm olishdan to‘xtashmasin, dars qilish uchun tunlarni bedor o‘tkazishga ham rozi bo‘lish kerak. Shundagina mehnatning mahsuli ko‘rinadi.

O‘zim ham o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik mobaynida dam olishga, ovqatlanishga vaqtim bo‘lmagan kunlar bo‘ldi. Bir qo‘shimcha darsdan kela solib, boshqasiga borardim, kechasi 2-3gacha dars qilardim. Shuning orqasidan hozirgi yutuqlarimga erishdim.

“Jamiyatda qizlarning o‘rni yo‘q deydiganlar adashganini isbotlaymiz”

Bizning oilada qiz bolaning ta'lim olishiga katta e'tibor qaratilgan. Ota-onam tahsil olishim uchun barcha sharoitni yaratib berishdi. “Bizning davrimizda hozirgi sharoitlar yo‘q edi, xorijda o‘qishni xayol ham qila olmasdik, imkoniyatlaringdan foydalan”, deb qo‘llab-quvvatlashdi, qanday qiyinchilik bo‘lsa ham sen yengib o‘ta olasan, ishonamiz, deb dalda berishdi.

Qiz bolaning ilm olishi, ishlashi jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi uchun ham muhim. Ularda ham o‘qish, ishlash huquqi va imkoniyati bor.

Yaqinda universitetimiz bitiruvchisi Feruza Mahmudovaning O‘zbekiston yaqin tarixida ilk bor ayol elchi sifatida Isroilga tayinlangani bizga ham faxr, ham mas'uliyat hissini bag‘ishladi. Demak, ayollarning hatto xalqaro diplomatiyada ham roli bor.

Bizning ham maqsadlarimiz hech bir erkaknikidan qolishmaydi. Biz hali jamiyatda qizlarning o‘rni yo‘q deydiganlarga nimalarga qodirligimizni ko‘rsatib qo‘yamiz.

“Prezident bergan imkoniyat meni juda ruhlantirdi”

Davlatimiz rahbarining 25 dekabr kuni yoshlar forumi doirasida, oradan hech qancha vaqt o‘tmay kecha yana yoshlar bilan uchrashganlari, o‘rtada erkin muloqotning bo‘lgani tarixiy voqea, nazarimda.

Men uchrashuv davomida universitetimiz talabalari amaliyotni O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalarida o‘tashlariga imkon berilishini taklif qildim. Chunki bu talabalarning diplomatik salohiyatini yuksaltirishga yordam beradi. Taklifim prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va menga O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida amaliyot o‘tash imkoniyati berildi. Bu imkoniyat, davlat rahbarining “Men siz bilan xuddi o‘z qizimdek faxrlanaman”, degan so‘zlari meni juda ruhlantirdi.

Top