08:48 / 16.01.2021
9653
Yerni noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilandi

“Yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi. 

Xususan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, yerni noqonuniy olib qo‘yish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha (22 mln 300 ming so‘mdan 33 mln 450 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Agar mazkur huquqbuzarlik mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni oldindan va to‘liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha (33 mln 450 ming so‘mdan 44 mln 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

Jinoyat kodeksiga ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran yerlarni noqonuniy olib qo‘ygan mansabdor shaxslarga quyidagi jazo choralarini belgilovchi qo‘shimcha kiritildi:

  • bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 250 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘mdan 55 mln 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Mazkur jinoyat mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni oldindan va to‘liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa mansabdor shaxs 3 yilgacha, ko‘p miqdorda zarar keltirsa 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Yerni noqonuniy olib qo‘yish mulkdorga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazsa yoki ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda sodir etilsa, mansabdor shaxs muayyan huquqdan mahrum etilib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Top