08:47 / 17.01.2021
13684

Amnesty: Qorabog‘ nizosida Ozarboyjon va Armaniston qasddan tinch aholiga zarba bergan

Tog‘li Qorabog‘dagi janglarda ozar va arman harbiylari ataylab tinch aholi yashovchi hududlarga zarba berishgan. Bu haqda Amnesty International tashkiloti hisobotida keltirilgan.

Foto: Reuters

«Fuqarolik inshootlariga berilgan zarbalarning aksari ularning tasodifiy emas, balki qarshi tarafga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish uchun atayin berilganligini ko‘rsatyapti. Har ikki taraf hukumatlari fuqarolik obektlariga berilgan zarbalar oldindan rejalashtirmasdan noaniq va/yoki tanlamasdan harakatlanadigan qurol bilan zarba berilmaganini isbotlovchi ishonchli asoslarni bera olishmaydi», deyiladi Amnesty International 13 yanvarda bergan dokladda.

Noaniq va/yoki tanlamasdan harakatlanadigan qurol deganda huquqbonlar, xususan, taktik raketalar va kasseta kallakli raketalarni nazarda tutishadi.

Tomonlarning rasmiy hisob-kitobiga ko‘ra, arman armiyasi hujumlari oqibatida Ozarboyjonda 94 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Ozarboyjon qo‘shini esa Armaniston qishloqlaridagi 52 kishining umriga zomin bo‘lgan. Bu raqamlar Amnesty International dokladida keltirilgan.

Urush paytida har ikki tomonning siyosatchi va harbiylari yashash punktlarini qasddan o‘qqa tutish borasidagi ayblovlarni rad etib, armiya faqat harbiy nishonlarni mo‘ljalga olayotganini aytib kelishdi.

Biroq Amnesty International bu bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan. Tashkilot ekspertlari urush mobaynida va undan keyin har ikki taraf o‘qqa tutgan joylarga borib tekshiruv o‘tkazishgan.

Amnesty International bir tomondan Armanistonning Ozarboyjon hududidagi Ganja shahrida 30dan ortiq odam halok bo‘lgan hududda harbiy obektlar borligi haqidagi iddaosini qabul qildi. «Lekin bu harbiy nishonlarning mavjudligi SCUB-D kabi qudratli va noaniq qurollarni aholi yashaydigan hududda qo‘llashni oqlamaydi», deydi huquqbonlar.

«Stepanakert markazida joylashgan kazarma va boshqa obektlar qonuniy nishonlar bo‘lishi mumkin, lekin ular turar joy va do‘konlar orasida ekani fuqarolar hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Biroq Ozarboyjon hukumati noaniq harakatlanadigan qurol bilan berilgan ko‘plab zarbalar oddiy fuqarolarga shikast yetkazib, fuqarolik obektlariga zarar yetkazishi yo yo‘q qilish ehtimoli yuqori ekanligini bilishlari shart edi», deyiladi hisobotda.

Amnesty vakillari noyabr va dekabr oylarida voqea joylarida bo‘lib, Ozarboyjon hududida joylashgan aholi punktlariga berilgan o‘nlab zarbalarga guvohlar va jabrlanganlar bilan suhbatlashishgan. Jumladan:

  • Gashalti qishlog‘iga urushning birinchi kuni 27 sentyabrda og‘ir artilleriya bilan berilgan zarba (bir uyda 5 kishi halok bo‘lgan);
  • Ganja shahri 11 oktyabr tunida «Elbrus» taktik raketasi bilan bombardimon qilingan (10 nafar qurbon);
  • 17 oktyabrda ayni qurol bilan Ganja tunda bombardimon qilingan (21 kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar 50 nafar);
  • Kasseta kallakli raketalar bilan Barda shahri yaqinidagi G‘arayusufli qishlog‘iga berilgan zarba (5 qurbon);
  • «Smerch» raketalari bilan Barda shahri bombardimon qilingan (21 nafar qurbon va o‘nlab yaralanganlar);

Armaniston tarafdan Ganja va Bardadagidek ommaviy qurbonlar bo‘lmagan.

«Agar tinch aholi hududni tark etmaganda yoxud yerto‘lalarda jon saqlamaganda, Tog‘li Qorabog‘dagi shahar va qishloqlarda tez-tez otishmalar ko‘plab qurbonlar berilishi bilan yakun topishi mumkin edi», deyiladi Amnesty dokladida.

Qorabog‘dagi tez-tez otishmalar oqibatida Ozarboyjon-Armaniston chegarasida 50 nafardan ortiq oddiy fuqaro halok bo‘lgan. Amnesty vakillari qurbonlarga sabab bo‘lgan 12 holat keltirishgan:

  • Stepanakartga berilgan 4 zarba (tinch aholi orasidan 4, harbiylardan 2 nafar qurbon);
  • Martuniga berilgan 5 zarba (3 nafar tinch aholi vakili);
  • Mardakertga 2 zarba (3 nafar qurbon);
  • Armanistonning o‘zidagi Davit Bek qishlog‘idagi otishma (bir qurbon);

Amnesty International Armaniston va Ozarboyjon hukumatlarini tinch aholiga zarba berish bo‘yicha barcha holatlarni o‘rganib chiqish va jiddiy dalillar topilsa, aybdorlarni sudga topshirishga chaqirdi.

Janubiy Kavkaz bo‘yicha ko‘plab ekspertlar, jumladan, arman va ozar mutaxassislari ham harbiy jinoyatlarni xolis o‘rganish sulh tomon tashlangan ilk qadam bo‘lishini aytishadi.

Amnesty International, shuningdek, Ozarboyjon va Armanistonni kassetali aslahadan voz kechishga chaqirgan.

Kassetali aslahadan voz kechish haqidagi xalqaro konvensiyaga na Armaniston, na Ozarboyjon va na bu kabi aslahani yetkazib beruvchi davlatlar bo‘lmish Rossiya, Turkiya, Isroil hamda Ukraina qo‘shilgan.

Mavzuga oid
Top