23:30 / 17.01.2021
5772
AQShda Tramp ketganidan keyin unga razvedka bo‘yicha brifinglar o‘tkazmaslik kerakligi aytildi
Foto: Reuters

AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampga o‘z lavozimini tark etganidan keyin odatda sobiq prezidentlarga o‘tkaziluvchi razvedka bo‘yicha brifinglarni taqiqlash zarurligi aytildi. Bunday fikrni CBS telekanali efirida AQSh kongressi vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi demokrat Adam Shiff bildirdi.     

“Mutlaq yo‘q. Bu prezidentga hech qanday vaziyatda hozir ham, kelgusida ham razvedka bo‘yicha brifinglar o‘tkazmaslik lozim. Unga razvedka ma'lumotlarini hozir ham, kelgusida ham ishonish mumkin, deb o‘ylamayman”, deb aytgan kongressmen.  

Demokratik partiya tomonidan nazorat qilinuvchi vakillar palatasi 13 yanvarda Trampga impichment e'lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyani ma'qullagandi. Unda AQSh prezidentiga qo‘yilayotgan yagona ayblov – isyonga gijgijlash hisoblanadi. Rezolyutsiya ma'qullangandan keyin Tramp AQSh tarixida ikki marta impichment e'lon qilingan birinchi prezidentga aylandi.   

6 yanvarda Tramp tarafdorlari prezidentning nutqidan keyin Kapitoliy binosiga bostirib kirishgandi va tartibsizliklar uyushtirgandi. 

Top