22:25 / 17.01.2021
40150
Navalniy Rossiyaga qaytdi. Uning samolyoti yo‘nalishni o‘zgartirib, boshqa aeroportga qo‘ndi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy uzoq muddatli davolanishdan keyin Rossiyaga qaytdi.

Navalniyni Berlindagi aeroportda tarafdorlari va jurnalistlar kutib turgandi, biroq Berlin politsiyasi xavfsizlik uchun uni aeroportga kiritmay, maxsus mashinada to‘g‘ri samolyot oldigacha kuzatib qo‘ydi. Samolyot ichida ham ko‘plab odamlar, xususan, jurnalistlar Navalniyni kutib turishgandi. U samolyotning o‘zida intervyu berishga ulgurdi va juda ko‘p savol berib yuborishgani sabab bir necha marta o‘z joyiga o‘tirishni iltimos qildi.

Siyosatchi Moskvada uni qo‘lga olishlaridan qo‘rqmasligini, buning uchun hech qanday asos yo‘qligini aytdi. U Berlindan charter yoki maxsus samolyotda emas, oddiy yo‘lovchi reysda qaytdi. Shu sababli samolyotda bo‘lganlar u va rafiqasi Yuliyaning suratlarini sahifalariga joylashdi.

Kirill Kudryavsev / AFP / Scanpix / LETA

Samolyotning qo‘nishi alohida mavzu bo‘ldi. Dastlab samolyot qo‘nishi rejalashtirilgan «Vnukovo» xalqaro aeroporti tvitterdagi sahifasida qiziqarli muhokamalarga qo‘shilib qoldi. Xususan, foydalanuvchilardan biriga javob berar ekan aeroport rasmiy akkauntida shunday post paydo bo‘ldi: «Biz Berlindan samolyotlarni 1941 yilda ham munosib kutib olganmiz, bugun ham shunday bo‘ladi». Ya'ni aeroport Navalniyning kelishini Ikkinchi jahon urushidagi fashistlar samolyotlari kelishiga o‘xshatdi.

Samolyot havoda ham bir qator muammolarga duch keldi. Avvaliga u Moskvadan boshqa tomonga ucha boshladi va bu vaqtda «Vnukovo» aeroporti samolyotlarni qabul qilish uchun yopiqligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik samolyot yana Moskva tomonga burildi, lekin «Sheremetevo» aeroportiga qo‘ngani ma'lum bo‘ldi.

Bu vaqtda ichida Navalniy ichida bo‘lgan samolyotni qabul qilishi kerak bo‘lgan «Vnukovo» aeroportida Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun chiqqan tarafdorlarini qo‘lga olish davom etayotgandi. Militsionerlar va OMON zobitlari kelganlarni qo‘lga olib, terminal oldini «tozalagan».

Keyinchalik samolyot «Vnukovo» aeroporti «texnik muammolar sabab yopilgani uchun» «Sheremetevo»ga yo‘naltirilgani aytildi. Katta ehtimol bilan «Vnukovo»da odamlar kutilganidan ko‘proq to‘plangani uchun samolyot boshqa aeroportga yo‘naltirilgan.

Ayni damda ichida Navalniy bo‘lgan samolyot «Sheremetevo»ga qo‘ngan.

  • Ma'lumot uchun, 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchayotganda Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniy samolyotda o‘zini yomon his qilgan va uchuvchilar samolyotni Omsk shahriga favqulodda qo‘ndirgandi. Aeroportda zaharlanishga qarshi ukol qilingach, u omon qolgandi. 22 avgustgacha Omskda qolgan siyosatchi shu kuni maxsus samolyot bilan Berlinga olib ketilgan va «Sharite» klinikasida davolangandi. 7 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi. Shu vaqtdan buyon u Germaniya poytaxtida qolayotgandi. Germaniyalik shifokorlar u Tomskdaligida «Novichok»dan zaharlanganini ma'lum qilishgan. 
  • Yevroittifoq bir necha marta Rossiyadan siyosatchining zaharlanishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qildi, ammo Rossiya hukumati bu talabni bajarmadi. Oktyabr oyida YeI Federal xavfsizlik xizmati (FXX/FSB) direktori va yana besh amaldorga Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq ish tufayli sanksiya joriy etdi.
  • Dekabr oyida The Insider, CNN va Der Spiegel nashrlari siyosatchini Federal xavfsizlik xizmatining sakkiz nafar xodimidan iborat maxsus guruh zaharlagani ta'kidlangan tekshiruv natijalarini e'lon qildi.
  • Shundan keyin Navalniy tekshiruvda nomi tilga olingan shaxslardan biri bilan bog‘lanib, o‘zini Xavfsizlik kengashi raisi yordamchisi sifatida tanishtirib, undan Navalniyning zaharlanishi uchun o‘tkazilgan amaliyot bo‘yicha savollar so‘radi. U esa agar Navalniy samolyotda uzoqroq qolganida «barchasi boshqacha bo‘lgan bo‘lishi» haqida gapirgan. Rossiya hukumati zaharlanishga aloqadorligini tan olishni istamadi.
  • Bu material e'lon qilinishi ortidan Tergov qo‘mitasi Navalniyga qarshi firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Uni Korrupsiyaga qarshi fond uchun yig‘ilgan donat pullari hisobiga mulk sotib olishda ayblashdi. Navalniy bu ishni soxtalashtirilgan deb atamoqda va buni o‘zining zaharlanishi bilan bog‘liqligini aytmoqda.
  • Yanvar oyida Jazolarni ijro etish federal xizmati Moskva boshqarmasi Navalniy Rossiyada 29 dekabrdan buyon qidiruvda ekanligini ma'lum qildi. Siyosatchi (hukm qilingan shaxs sifatida shartli muddatga belgilangan) nazoratdan bo‘yin tovlayotgani, shu sababli 11 yanvardayoq ijro etish federal xizmati «Iv Roshe» ishi bo‘yicha Navalniyga shartli muddatni haqiqiysiga almashtirishni so‘rab sudga murojaat qilgani ma'lum qilindi.
  • 17 yanvar kuni, Navalniy Rossiyaga qaytishi belgilangan sanada Vnukovoda politsiyachilar va avtozaklar to‘plana boshladi. Aeroport administratsiyasi terminal hududiga chiptasiz kirishni taqiqladi. Aeroportda yig‘ilganlar shafqatsizlik bilan qo‘lga olina boshladi.
Top