22:27 / 18.01.2021
2050
2021 yil uchun davlat dasturida hayot sug‘urtasini rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda

Davlat dasturida hayot sug‘urtasi tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan sug‘urta tashkilotlarining foyda soliq yukini ikki baravarga kamaytirish belgilanmoqda.

Foto: Shutterstock

2021 yil uchun «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi onlayn muhokamaga qo‘yildi.  Dasturning moliya tizimini isloh qilishga oid bandida hayot sug‘urta tarmog‘ini va shaxsiy sug‘urta tizimini rivojlantirish masalalariga ham urg‘u berilgan.

Hujjatda mazkur sug‘urta turlarini ommalashtirish, yangi sug‘urta inflatsiya omillarini hisobga olish bo‘yicha bir necha vazifalar belgilangan.  

Xususan:

  • O‘zbekiston Respublikasida hayot sug‘urta tarmog‘ini hamda shaxsiy sug‘urtani 2023 yilgacha rivojlantirish;
  • yangi va zamonaviy sotish instrumentlarini joriy etish yo‘li orqali sug‘urta mahsulotlarini sotish kanallarini kengaytirish;
  • muhim sug‘urta mahsulotlarini eng qulay to‘lov usullarida amalga oshirilishi;
  • hayot sug‘urtasi tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan sug‘urta tashkilotlarining foyda soliq yukini ikki baravarga kamaytirish nazarda tutiladi.

Dasturda mazkur vazifalarni bajarish muddati 2021 yil 1 sentyabr etib  belgilangan.

Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari, Soliq qo‘mitasi, Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi hamda bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar ijro uchun mas'ul qilingan.

2020 yil boshida «Sug‘urta faoliyati haqida»gi qonunning yangi tahriri e'lon qilingandi. Keyinroq, 2020 yil 5 dekabrda «Majburiy sug‘urta turlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qonun majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha munosabatlarda qo‘llanilishi kerak bo‘lgan asosiy prinsiplar va qoidalarni belgilashi kutilmoqda.

Top