17:52 / 18.01.2021
7627
AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirdi

Oxirgi haftalarda butun Afg‘oniston bo‘ylab terrorchilik hujumlari, odam o‘g‘irlash va boshqa og‘ir jinoyatlar soni oshgan.

Foto: S.K. Vemmer/Department of State

AQShning Kobuldagi elchixonasi teraktlar soni o‘sishi ehtimolidan ogohlantirdi va Afg‘onistondagi amerikaliklarni mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Bu haqda Khaama Press agentligi xabar bermoqda.

"Elchixona Amerika fuqarolarini jinoyatchilik, terrorizm xavfi darajasi yuqoriligi sababli Afg‘onistonga kelish xatarli ekanligi haqida ogohlantiradi hamda mamlakatda bo‘lib turganlarning ketish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qiladi", - deyiladi elchixona press-relizida.

Ma'lumot berilishicha, oxirgi haftalarda butun Afg‘oniston bo‘ylab terrorchilik hujumlari, odam o‘g‘irlash va boshqa og‘ir jinoyatlar soni oshgan.

"Ayniqsa, mehmonxonalar, yashash komplekslari, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar va xorijliklar, xususan, amerikaliklar tez-tez tashrif buyuradigan boshqa joylar xatar ostida", deyiladi elchixona tomonidan.

O‘tgan juma kuni AQSh mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar soni 2,5 ming nafargacha qisqartirilgani, may oyiga kelib qolgan harbiylar ham mamlakatdan olib chiqib ketilishini ma'lum qilgandi.

Top