20:29 / 18.01.2021
3350
Bahodir Yusupaliyev: «Sputnik V»ning 3-klinik sinov bosqichlari natijalari ma'lumotlari o‘rganilmoqda

O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini tezkor sertifikatsiyalash masalasi ustida ishlanmoqda va vaksina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev SSV matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

Foto: Anton Vaganov/REUTERS

«Hozirda ushbu vaksinaning yaroqliligi, xavfsizligi va sifati yuzasidan laborator tekshirishlarni o‘tkazish maqsadida Rossiya Federatsiyasining ishlab chiqaruvchilaridan maxsus tekshiruv testlari va reagentlar so‘ralgan. Ushbu reagentlar va testlar kelgandan so‘ng qisqa muddat ichida tekshiruvlar o‘tkazilib, vaksina yaroqliligi va xavfsizligi to‘g‘risida hujjat taqdim etiladi va uni respublikamizda ishlatish mumkinligi to‘g‘risida xulosa qilinadi», degan Bahodir Yusupaliyev.

Uning bildirishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan «Sputnik V» vaksinasi bo‘yicha muntazam muloqotlar amalga oshirmoqda. Mazkur jamg‘armaning mas'ul xodimlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, 100 doza vaksina olib kelgan. Ushbu vaksina 20 daraja sovuq haroratda saqlanishni talab etadi. Vaksina 3 ml flakonda 5 dozadan qadoqlangan bo‘lib, bir nafar fuqaroga 0,5 ml miqdorida emlash tavsiya etilgan.

Uning aytishicha, bugungi kunda ushbu vaksinaning Rossiyada 12 ming nafar ko‘ngillida o‘tkazilgan 3-klinik sinov bosqichlari natijalari bo‘yicha ma'lumotlar mahalliy mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Shuningdek, 25 ming nafar ko‘ngillida o‘tkazilgan sinovlar natijalari to‘g‘risida ma'lumotlar Rossiya tomonidan taqdim etilishi kutilmoqda.

«Sputnik V» vaksinasining O‘zbekistonga olib kelinishi, ro‘yxatdan o‘tkazilishi, emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish, tibbiyot xodimlarini o‘qitish, vaksinatsiyani boshlash tadbirlarini o‘z ichiga qamrab olgan yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu ishlar hamkorlikda amalga oshirilishini inobatga olgan holda imzolash uchun Rossiyaga yuborilgan.

Bahodir Yusupaliyev respublikada sinov jarayonida bo‘lgan Xitoy vaksinasi bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tgan.

«Xitoyning Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi koronavirus rekombinant vaksinasining xavfsizligi va COVID-19 infeksiyasining oldini olishdagi samaradorligini aniqlash maqsadida 5000 nafar ko‘ngilli orasida 3-bosqich klinik tadqiqotlari o‘tkazilmoqda. Yurtimizga 8 nafar xitoylik mutaxassis tashrif buyurishgan va ayni paytda 3133 nafar ko‘ngillida vaksinatsiyaning klinik sinovlari amalga oshirilgan, nojo‘ya ta'sirlar kuzatilmagan», degan u.

Uning ma'lum qilishicha, jarayonlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qoshida immunizatsiya tadbirlari olib borish maqsadida yuqori malakali mutaxassislardan iborat shtab faoliyat ko‘rsatmoqda.

  • Bundan avvalroq Yusupaliyev O‘zbekistonga Pfizer va BioNTech kompaniyalarining 100 ming doza vaksinasi keltirilishini ma'lum qilgandi.
  • Shuningdek, Bloomberg O‘zbekiston Rossiyaning Gamaleya instituti tomonidan ishlab chiqarilgan 70 million doza vaksinani sotib olishi haqida xabar tarqatgandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top