14:36 / 18.01.2021
6047
Jahongir Ortiqxo‘jayevning mehnat ta'tili bahor fasliga ko‘chirildi - Toshkent shahar hokimligi
Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning mehnat ta'tili bahor fasliga ko‘chirildi. Bu haqda poytaxt hokimligi tomonidan e'lon qilingan xabarda aytiladi.

Ma'lumki, O‘zbekistonda viloyatlar hokimlari bosqichma-bosqich qisqa muddatli ta'tilga chiqmoqda. Kun.uz manbasi xabariga ko‘ra, bu vaqtda rahbarlar profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tadi.

Ma'lum bo‘lishicha, hududlar rahbarlarining ta'til muddatlari prezident administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan. Hokimlardan tashqari, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari ham grafik asosida tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.

Avvalroq, 17 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Samarqand hokimi Erkinjon Turdimov, Sirdaryo hokimi G‘ofur Mirzayev, Surxondaryo viloyati rahbari To‘ra Bobolov va Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovlar 10 kunlik muddatga mehnat ta'tiliga chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi.

Top