12:37 / 18.01.2021
10483
Oliy ta'lim tizimida o‘zgarishlar. Vazirlikdan ma'muriy boshqaruv funksiyalarini olib tashlash taklif qilindi

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov «Oliy ta'lim: nomarkazlashtirish, masofaviy ta'lim, standartlar haqida» sarlavhali postida oliy ta'lim tizimining yangi rahbariyatiga murojaat qilib, tizimda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan to‘rtta asosiy qadamni sanadi.

U oliy ta'lim tizimida so‘nggi yillarda erishilgan muhim ijobiy o‘zgarishlarni e'tirof etgan, jumladan, bitiruvchilarni oliy ta'limga qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetgani, ta'limning bakalavriat, magistratura va sirtqi shakllari uchun kvotalar oshirilib, kechki ta'lim shakli joriy etilganini qayd etib o‘tgan.

Shu bilan birgalikda, davlat va jamiyat boshqaruvida, ayniqsa joylarda professional kadrlar tanqisligi, aholi sonining o‘sish sur'ati, oliy ta'lim tizimi infratuzilmasi va salohiyatining joriy holati navbatdagi va fundamental o‘zgarishlarni taqozo etayotgani ta'kidlangan.

«Birinchidan, oliy ta'lim tizimini izchil nomarkazlashtirish, davlat nazorati va ishtirokini keskin qisqartirish, ma'muriy mustaqillik bilan cheklanmasdan, akademik mustaqillik berish uchun jiddiy qadamlarni qo‘yish kerak. Vazirlikning ta'lim sifatini va davlat shartlari ijrosini nazorat qilish funksiyasini saqlab qolgan holda, ma'muriy boshqaruv funksiyalaridan voz kechish kabi irodali qarorlar qabul qilinishi kerak. Vazirlik ixcham va yuqori professional tarkibga ega bo‘lishi va muvofiqlashtiruvchi rolni bajarishga o‘tishi lozim. 

Ikkinchidan, masofaviy ta'limni to‘liq joriy qilish vaqti ham keldi. Buning uchun yetarli infrastrukturalarni yaratish, qonunchilik va protseduralarda masofaviy ta'limga keng yo‘l ochish, o‘quv yurtlari undan keng foydalanishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish zarur. Bu bitiruvchilarni oliy ta'lim bilan to‘liq qamroviga erishish masalasini keyingi 10-15 yilda emas, 3-5 yil ichida hal etish, qolaversa, oliy o‘quv yurtlarining to‘lov-shartnoma miqdorini optimallashtirish imkonini ham beradi.

Uchinchidan, oliy ta'lim xizmatlari bozorini yaratish maqsadida barcha ishtirokchilar uchun tushunarli, teng va adolatli shartlarni joriy qilish zarur. Davlat tomonidan qo‘yiladigan shartlarini bajara oladigan, qonunchilikka amal qilishga tayyor barcha ishtirokchilarga sohaga investitsiya qilish imkoniyati yaratilishi kerak.

To‘rtinchidan, ta'lim standartlarini qaytadan ko‘rib chiqish, ta'lim sifatini nazorat qilishning zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy qilish lozim. Kerak bo‘lsa, buning uchun dunyoning nufuzli universitetlaridan boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchilar, menejyerlarni yollash, eng asosiysi hukumat tomonidan zarur mablag‘lar ajratilishi zarur. 

Qolaversa, vazirlik oldida oliy ta'limni mehnat bozori bilan bevosita bog‘lash, diplomlar beriladigan yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqish, ilmiy salohiyatni oshirishni rag‘batlantirish bilan bog‘liq qator mashaqqatli vazifalar ham turibdi.   

Tizimning yangi rahbariyatidan jamoatchilik mazkur yo‘nalishlarda harakatlarni kutmoqda va faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu borada, jamoatchilik fikrini chuqur o‘rganish, tizimni rivojlantirish bo‘yicha strategiyalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz», deyiladi Bekmurodovning telegramdagi postida.

  • Eslatib o‘tamiz, 14 yanvar kuni 2017 yildan buyon oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri lavozimida ishlab kelgan Inomjon Majidov iste'foga chiqarilib, uning o‘rniga 2017 yildan buyon Termiz davlat universiteti rektori sifatida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulov yangi vazir etib tayinlangandi. Inomjon Majidov esa O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor bo‘ldi, O‘zMUning avvalgi rektori Toshqulov o‘rniga Termizga ishga yuborilgan.
Top