14:40 / 18.01.2021
53788

«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

Joriy haftaning birinchi yarmida respublika hududlarida ob-havoni past bosim maydoni belgilaydi, deb xabar qilmoqda «O‘zgidromet».

Bugun yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat respublikaning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor. Havo harorati ko‘p yillik qiymatlardan 8-10 darajaga yuqori va 13-18 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

19 yanvarda respublika hududlarining ko‘p qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ba'zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

20 yanvarda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yomg‘ir qorga aylanadi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi va ertalab ba'zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

21 yanvarda respublika hududlarining ko‘p qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida qor yog‘adi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechga tomon ba'zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

19-21 yanvarda harorat o‘zining ko‘p yillik qiymatlaridan 8-10 darajaga yuqori bo‘ladi va kechalari 0-5 daraja iliqni, kunduz kunlari 11-16 daraja iliqni tashkil etadi.

22 yanvarda ob-havo keskin o‘zgara boshlaydi, buning sababi sovuq antitsiklondir, u mamlakat hududlariga qor va manfiy qiymatli haroratni olib keladi. Nam havo massalari Volgabo‘yi hududlaridan kirib keladi. Respublika bo‘yicha qor yog‘adi, faqat mamlakatning shimoliy hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi va kunduzi 2 daraja sovuq - 3 daraja iliqni tashkil etadi.

23 yanvarda antitsiklon mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi, yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam, lekin juda sovuq bo‘ladi. Havo harorati kechasi 5-10 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq - 3 daraja iliqni tashkil etadi. O‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati me'yordan 6-8 darajaga past bo‘ladi.

Top