14:32 / 18.01.2021
1512
Rasman: O‘zbekiston 3 yillik sinovdan so‘ng Xalqaro taqqoslash dasturiga qo‘shilmoqda

«Xalqaro taqqoslash dasturi – 2021» global tadbirida 2021 yil yanvaridan boshlab O‘zbekiston ham ishtirok etmoqda. Dasturda ko‘zda tutilgan ishlarni to‘liq hajmda bajarish uchun 3 yil vaqt talab etilishi hisobiga tadbirga tayyorgarlik harakatlari 2019 yilda boshlangan edi.

Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalovning «Yangi O‘zbekiston» gazetasida chop etilgan maqolasida ma'lum qilinishicha, mamlakatimiz mazkur tadbirda birinchi marta qatnashmoqda.

Dastur doirasida Afrika, Osiyo, Mustaqil davlat hamdo‘stligi, Yevropa, Amerika va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari 6 ta guruhga bo‘linadi. O‘zbekiston  MDH davlatlari guruhiga kiritilgan bo‘lib, respublikaning XTD global dasturidagi ishtiroki bo‘yicha tadbirlar MDH Statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

«Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan har chorakda 2 ming 211 turdagi tovarlar va xizmatlar, shu jumladan, 1 ming 39 turdagi oziq-­ovqat mahsulotlari va 462 turdagi xizmatlar narxlarini o‘rganish yuzasidan kuzatuvlar o‘tkaziladi.

To‘plangan narx ma'lumotlari MDH Statistika qo‘mitasiga xarid qilish qobiliyati paritetini hisoblash uchun taqdim etib boriladi. Umuman olganda, so‘nggi uch yil davomida amalga oshirib kelinayotgan tayyorgarlik ishlari Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari uchun muhim amaliy tajriba orttirish imkonini berdi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizning «Xalqaro taqqoslash dasturi – 2021» global tadbirida munosib ishtirok etishi uchun zamin yaratadi.

Xalqaro taqqoslash natijalaridan mamlakatlarning umumiy iqtisodiy rivojlanish darajasini va xalqlarning turmush farovonligini baholash, milliy iqtisodiyot samaradorligi va salohiyatini aniqlash hamda taqqoslash, mamlakatlarning moliyaviy imkoniyatlarini tahlil qilish, ularga xalqaro yordam berish bo‘yicha qarorlar qabul qilish kabi ishlarda qo‘l keladi», – deyiladi maqolada.

Ma'lumot uchun, «Xalqaro taqqoslash dasturi» — dunyoning deyarli barcha davlatlari statistika idoralari ishtirok etadigan xalqaro statistik dastur bo‘lib, uning doirasida valutalar xarid qobiliyati pariteti, YaIM va uning tarkibiy qismlarini xalqaro darajada va mamlakatlararo taqqoslash ishlari amalga oshiriladi.

Dasturda ko‘zda tutilgan ishlarni to‘liq hajmda bajarish uchun odatda 3 yil vaqt talab etiladi va u «taqqoslashlar sikli» deb ataladi.

O‘zbekistonning mazkur tadbirdagi ishtiroki uchun tayyorgarliklar Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi qaroriga muvofiq boshlangan. 2017-­2019 yillar davomida respublika «XTD — 2017» bosqichida eksperimental tartibda qatnashgan.

 

Top