11:32 / 18.01.2021
12049
Taniqli hofiz Rahmatjon Qurbonov vafot etdi

Xorazmlik taniqli hofiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonov 17 yanvar kuni 62 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligiga asoslangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Rahmatjon Qurbonov 1959 yil 20 sentyabrda Xiva shahrida san'atkor oilasida tavallud topgan. Otasidan o‘zbek cholg‘u asboblarini chalish va mumtoz qo‘shiqlarni ijro etish uslublarini o‘rgangan. U Xivadagi Matyoqub Xarratov nomidagi musiqa bilim yurti hamda O‘zbekiston davlat Konservatoriyasining vokal va maqom bo‘limida o‘qigan. San'at darg‘alari — Nasim Hoshimov, Halima Nosirova, Saodat Qobulovalarning sevimli shogirdlari qatoridan joy olgan.

U uzoq yillar Toshkent shahrida samarali faoliyat yuritib, «Lazgi» ansambliga rahbarlik qilgan. Bir necha risolalar, kitoblar, o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida ham tanilgan. Rahmatjon Qurbonov hozirga qadar O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati bo‘linmasi direktori vazifasida faoliyat yuritayotgan edi.

Hofiz «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist», «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvonlari hamda «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘lgan.

Rahmatjon Qurbonov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham o‘z «Telegram» kanali orqali uni xotirladi.  

«U san'at sohasidagi ko‘p yillik serqirra ijodiy faoliyati bilan el-yurt nazariga tushgan, respublikamizda taniqli, xalqimiz suygan xonanda edi. 

Ustoz asl san'at durdonalaridan «Chorgoh», «Talqini Rost», «Katta suvora», «Chapandozi suvora», «Bazirgoniy», «Qaro ko‘zim», «Nasrulloyi», «Maxsus», «Feruz-1», «Feruz-II», «Orazibon» kabi ko‘plab maqom hamda mumtoz ashulalarni o‘zgacha mehr va ixlos, yuksak mahorat bilan me'yoriga yetkazib yuqori saviyada ijro qilgan edi. 

Rahmatjon Qurbonov ijodiy faoliyati davomida qardosh qoraqalpoq, ozarboyjon, turkman, turk, tojik xalq qo‘shiqlarini ham zo‘r ishtiyoq bilan kuyladi va ko‘pchilikning mehrini qozondi.

Ustoz san'atkor o‘z ijodi bilan nafaqat san'atimiz rivojiga, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash ishiga ham hissa qo‘shdi. Mehnatlari munosib baholanib, davlatimizning «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham taqdirlandi», – dedi vazir.

Kun.uz marhumning yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor qiladi.

Top