08:42 / 18.01.2021
6571

Toshkentda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish jinoyati aniqlandi

2021 yil 14 yanvar kuni Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

Foto: IIV.uz

IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabariga ko‘ra, tadbir davomida Toshkent shahar, Yangihayot tumani Qo‘yliq-3 mavzesida joylashgan “Texno invest” MChJ bazasida ijarada bo‘lgan xususiy tadbirkorlar M.D. va A.D. iste'mol muddati o‘tib ketgan, iste'molga yaroqsiz “Bliss”, “Sochnaya dolina” sharbatlari, “Marinelle” tomat pastasi hamda “Moloko s saxarom” nomli quyultirilgan sut mahsulotlari muddatlarini yangi sanaga qalbakilashtirib o‘zgartirib, 25 000 000 so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushbu baza hududida M.D. va A.D. tomonidan ijaraga olingan 2ta omborxona ko‘zdan kechirilganda jami 2 477 473.000 so‘mlik iste'mol muddati o‘tib ketgan, iste'molga yaroqsiz, muddatlari yangi sanaga qalbakilashtirilib o‘zgartirilgan “Bliss”, “Sochnaya dolina”, “Meva”  sharbatlari, “Koka kola”, “Fanta”, “Sprayt” ichimliklari, “Marinelle” nomli tomat pastasi, o‘simlik ikrasi, ananas, jo‘xori, assorti, kabachkali ikra konservalari, “Derevenskaya”, “Moloko s saxarom” nomli quyultirilgan sut, “Amerikan tea”, “Veston tea”, “Arab tea”, Toshkent choy” nomli quruq choy, “Avangard” nomli un mahsulotlari hamda tovarlarning yaroqlilik muddatlarini o‘chirishda foydalanilgan atseton suyuqliklari mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi IIV xabarida.

Top