17:28 / 19.01.2021
42901
Akrom Rahmonqulov ishdan olindi. Jizzaxda qurilish sohasidagi mojarolar ortidan prezident uni siyosatga xiyonatda ayblagandi

Jizzax viloyati «zamhokimi» Akram Rahmonqulovning qarindoshlari ijtimoiy va boshqa soha obektlarini qurish bo‘yicha bir necha yuz milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani, uning o‘zi qarindoshlari yutgan tenderlarda komissiya rahbari sifatida qatnashgani ma'lum bo‘lgandi.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov lavozimidan ozod qilindi. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilishicha, bugun Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Bahrom Amonovich Nazarov Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlangan.

Bahrom Nazarov

Bahrom Nazarov bungacha Qurilish vazirligi Pudrat va maxsus montaj ishlari bozorini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, Akrom Bahritdinovich Rahmonqulov 2017 yilga qadar Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2017-2018 yillarda Jizzax shahri hokimi bo‘lgan, 2018 yil aprelidan buyon yana viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlay boshlagandi.

2020 yil dekabrida Davletovuz Telegram-kanali muallifi «Jizzaxcha tenderlar-2, oilaviy pudrat, bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalari» sarlavhali surishtiruvini e'lon qilib, unda viloyat «zamhokimi» Akram Rahmonqulovning qarindoshlariga tegishli bo‘lgan xususiy kompaniyalar davlat buyurtmalarini o‘zaro «taqsimlab olgani», bu davlat buyurtmalari qiymati bir necha yuz milliard so‘mni tashkil qilishi haqida yozgandi. Bloger bu masalaga nazorat organlari tekshiruv o‘tkazish orqali aniqlik kiritishi mumkinligini qo‘shimcha qilgandi.

Keyinroq, 2021 yilning 10 yanvarida Jizzax shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli binolardan biri qulab tushgach, bu masala yana kun tartibiga chiqdi. 15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumani faollari ishtirokida kechgan yig‘ilishda Jizzaxdagi uy qurilishiga yo‘l qo‘yganlar qonun oldida javob berishlari kerakligini aytgandi va Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari hozirgi siyosatga xiyonat qilganini ta'kidlagandi.

«Uning butun to‘dasiga qonuniy jazo belgilanishi kerak. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, baribir eski zamonni qo‘msagan noinsoflar ham bor. Ular erkinlik, ochiqlik siyosatini tushunmaydi», degandi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan avvalroq 2018 yil aprelidan buyon Jizzax shahriga hokimlik qilib kelgan Akbar Shukurov ishdan olinib, uning o‘rnini Mirzacho‘l tumani sobiq hokimi Komil Xolmurodov egallagani xabar qilingandi. 

Mavzu
Jizzaxda 6 qavatli bino qulashi
2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilib, hali foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uy qulab tushdi.
Barchasi
Top