21:35 / 19.01.2021
7586
AQShning eng saxiy milliarderlari ro‘yxati e'lon qilindi

Ro‘yxatdan o‘rin olgan 25 nafar milliarder jami 149 mlrd dollarni xayriya ishlariga yo‘naltirgan, ularning umumiy boyligi esa 799 mlrd dollar deb baholanmoqda. 

Foto: Getty Images

Forbes jurnali AQShning eng saxiy milliarderlari reytingini e'lon qildi. Nashr ular butun umri davomida xayriya maqsadlari uchun qancha mablag‘ sarflaganini hisoblab chiqdi.

Ro‘yxatdan o‘rin olgan 25 nafar milliarder jami 149 mlrd dollarni xayriya ishlariga yo‘naltirgan, ularning umumiy boyligi esa 799 mlrd dollar deb baholanmoqda.  

Reytingda birinchi o‘rinni Uorren Baffet egalladi. U xayriya uchun 42,8 mlrd dollar sarflagan, boyligi esa 88,8 mlrd dollar. Baffet sog‘liqni saqlash va qashshoqlikka qarshi kurashga mablag‘ ajratadi. 

Microsoft asoschisi Bill Geyts va uning turmush o‘rtog‘i Melinda ikkinchi o‘ringa joylashdi. Ularning boyligi 120,7 mlrd dollar deb baholanmoqda, xayriya maqsadlariga esa 29,8 mlrd dollar sarflashgan.  

 Moliyachi Jorj Soros reytingda uchinchi o‘rindan joy oldi. U umri davomida 16,8 mlrd dollar mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirgan, boyligi esa 8,6 mlrd dollarga teng. Uning demokratiya va saylovchilar huquqlarini himoya qilishga e'tibor qaratuvchi «Ochiq jamiyat» fondlari dunyoning 120 mamlakatida faoliyat ko‘rsatadi. 

Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Uning boyligi 54,9 mlrd dollar, xayriyaga sarflagan pullari esa 11,1 mlrd dollar deb baholandi. Blumberg iqlim o‘zgarishi va jamoat sog‘lig‘ini saqlashga e'tibor qaratib keladi. 

Eng saxiy milliarderlar reytingidan bu yil Amazon asoschisi Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skott ham joy oldi. U irqiy, gender va iqtisodiy tengsizliklarga qarshi kurashuvchi tashkilotlarga 5,83 mlrd dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazgan. Oltinchi o‘rindan joy olgan Skottning boyligi $55,2 mlrd dollar deb baholanmoqda.

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg va uning turmush o‘rtog‘i Prissilla Chan xayriya uchun eng ko‘p mablag‘ sarflagan milliarderlar reytingida o‘ninchi o‘rinni egallashdi. Ular xayriya ishlari uchun jami 2,7 mlrd dollar mablag‘ o‘tkazishgan.

Top