20:07 / 19.01.2021
11595
«O‘z vaqtida shiyponniyam maktab deb ko‘rsatishdi» – prezident maktablar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish davomida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda 100dan ortiq maktab filiallari mavjudligi, ulardan 78tasi paxsadan qurilgani haqida bildirgan. Prezident bu boradagi muammolar hal qilinishi uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ma'lum qilgan.

«Ayrim «aqllilar» o‘z vaqtida uch xonali uyniyam, shiyponniyam maktab deb ko‘rsatishdi. Lekin shunga yo‘l qo‘yganlar o‘zlarining farzandlarini, nabiralarini bunaqa maktabga hech qachon bermaydi.

Bularning hammasini joyiga qo‘yishimiz kerak. Har yili 200 mlrd so‘m budjetdan tashqari mablag‘ ajratsak, bu ishlar yurishadi. Shaxsan viloyat hokimining o‘zi bu ishlar bilan shug‘ullanadi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev hozirgi paytda ma'naviyat targ‘iboti bilan o‘nlab tashkilotlar shug‘ullanayotgani, lekin ularning faoliyati muvofiqlashtirilmagani tufayli bir-birini takrorlash holatlari kuzatilayotganini qayd etib o‘tgan.

«Ma'lumki, hozirgi paytda ma'naviyat targ‘iboti bilan oila, mahalla, ta'lim muassasalari, Ma'naviyat markazi, umuman, o‘nlab tashkilotlar shug‘ullanmoqda. Lekin ularning faoliyati aniq koordinatsiya qilinmagani, yagona tizimga birlashmagani sababli bir-birini takrorlash holatlari kuzatilmoqda.

Bundan buyon Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning ma'naviy-ma'rifiy faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Markaz barcha vazirlik, idora va tashkilotlarning bu boradagi ishlarini koordinatsiya qilish, sohani rivojlantirish bo‘yicha bosh muassasa bo‘ladi», degan prezident. 

Top