11:16 / 19.01.2021
1651
«O‘zRTXB»: Xorijiy ekspert o‘zbek birjasida seminar o‘tkazdi

2021 yilning 15 yanvar kuni muddatli bozorlar bo‘yicha xorijiy ekspert Artur Axmadishin O‘zbekiston respublika tovar xomashyo birjasining mutaxassislari uchun seminar-trening o‘tkazdi. Mazkur tadbir o‘quv mashg‘ulotlari, taqdimotlar va ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarda birjaning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarining rahbarlari va mutaxassislari hamda «Trastbank» XAB hisob-kitob banki vakillari ishtirok etishdi.

Seminar-trening muddatli bozorni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha xorijiy amaliyotni o‘rganish hamda mahalliy mutaxassislarga derivativ bozorlari yuzasidan, shu jumladan tovar fyucherslari bo‘yicha maslahatlar berish maqsadida tashkil etildi.

Ekspert treningda fyuchers bozorining asosiy tushunchalari va ishlash mexanizmi haqida so‘zlab, muddatli bozorni ishga tushirish uchun zarur shart-sharoitlar, shu jumladan huquqiy-me'yoriy, tashkiliy va texnik talablarni tushuntirib berdi.

Tovar segmentlarida qo‘llaniladigan fyuchers bozorining turlari va afzalliklari, Markaziy kontragentning faoliyati va professional savdo ishtirokchilarining funksiyalari namoyish etildi.

Tadbir davomida seminar ishtirokchilari fyuchers savdolari va muddatli bozorning kliring xizmatini tashkillashtirish bo‘yicha Rossiya amaliyoti bilan qiziqdilar.

Tinglovchilar fyuchers bozorining infratuzilmasi, savdolarni o‘tkazish qoidalari, xatarlar menejmentining o‘ziga xos xususiyatlari, bozor narxlarining shakllanish mexanizmi hamda birjada xatarlar va narxlar o‘zgarishini xejyerlash haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo‘ldilar.

Mashg‘ulotlar yakunida fyuchers shartnomalarini O‘zbekiston Respublikasining tovar birjalarida joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Trening ishtirokchilari mazkur mashg‘ulotning o‘tkazilishi muhimligini ta'kidlab, kelajakda shu kabi tadbirlarni muntazam ravishda tashkillashtirish istagini bildirdilar.

Ma'lumot uchun: Axmadishin Artur Ravilevich – muddatli bozorlarida kliring xizmati bo‘yicha ekspert. Kliring operatsiyalari va IT-industriyasida 15 yillik amaliyotga ega. Sankt-Peterburg Xalqaro tovar-xomashyo birjasi (SPbXTXB) ning muddatli bozorlari uchun dasturlar majmuasini ishlab chiqish, joriy etish va yuritishda ishtirok etgan.

«O‘zRTXB» AJ PR bo‘limi

Top