12:40 / 19.01.2021
12563
Prokuratura pora bilan ushlangan «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari ishi bo‘yicha ma'lumot berdi

Xorazm viloyat prokuraturasi «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Muratbay Bazarimbetovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot berdi.

«2020 yil 24 dekabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Bazarimbetov Muratbay Allambergenovich va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishining qo‘zg‘atilishiga M.Bazarimbetovning Tuproqqal'a tumani hududida yangidan tashkil qilinayotgan «Best Azia Metan» MChJga o‘rnatiladigan 630 kVt transformator punktini 6-10 kVt elektr liniyasiga yaqin tayanchdan 6500 kVt.ga ulanishda amaliy yordam berishi evaziga 15 000 AQSh dollarini o‘z xizmat xonasida tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olgani asos bo‘lgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari Xorazm viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.  

Jinoyat ishi bo‘yicha M.Bazarimbetovga nisbatan 25.12.2020 yilda Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e'lon qilingan.

Shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining 25.12.2020 yildagi ajrimiga asosan M.Bazarimbetovga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

M.Bazarimbetov hozirda Xorazm viloyat IIB 11-sonli tergov hibsxonasida saqlanmoqda», - deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Murodboy Bazarimbetov pora olganlikda gumonlanib, huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangani haqida Kun.uz o‘z manbalariga tayanib joriy yil 8 yanvar kuni xabar bergandi.

Top