15:06 / 19.01.2021
3456
Qirg‘iziston saqlash talablarini bajara olmasligi sababli Pfizer vaksinasidan voz kechmoqchi

Pfizer vaksinasi minus 70 daraja haroratda saqlanishi lozim. Qirg‘iziston vaksinani saqlash uchun 2 mln dollarlik jihozlar sotib olishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: REUTERS/Stephane Mahe

Qirg‘iziston texnik sabablar tufayli Pfizer kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasini olishdan voz kechmoqchi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Alimqadir Beyshenaliyev ma'lum qildi.

 "Bizga Amerikaning minus 70 daraja haroratda saqlanishi shart bo‘lgan Pfizer vaksinasi taklif qilindi. Bizda har biri 4 ming dollar turadigan muzlatkichlar yo‘q. Budjetda bunday pul yo‘q va biz voz kechishga majburmiz", - dedi u.

 Vazirning ma'lumot berishicha, Pfizer vaksinasini saqlash uchun respublika 2 mln dollarlik jihozlar sotib olishiga to‘g‘ri keladi. Beyshenaliyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston COVAX dasturi doirasida Pfizer kompaniyasining 1 mln doza vaksinasini olishi lozim . Bishkek yaqin vaqt ichida saqlash shartlari oddiyroq bo‘lgan yana bir vaksinaga ariza bermoqchi.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston minus 2 darajadan minus 18 darajagacha haroratda saqlanishi kerak bo‘lgan "Sputnik V" vaksinasini sotib olish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib bormoqda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirus yuqtirganlar soni 82 mingdan ortiq bo‘lib, 1400 nafarga yaqin kishi vafot etgan. Respublikada o‘tgan yilning martidan buyon favqulodda vaziyat rejimi davom etmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top