16:50 / 19.01.2021
29882
Urgutdagi sovuq va sifatsiz namunaviy uylar: hokimning po‘pisasi va antiterror tashrifi

Yangi qurilgan namunaviy uylar tabiiy gazga moslashganu, ammo tarmoqqa ulanmagan holatlar yagona emas. Odatda uy qozonxonasi tabiiy gazga moslashgan bo‘lsa, boshqa yoqilg‘i turi bilan isitish ham amrimahol.

Urgutning Mergancha mahallasida 2018 yil foydalanishga topshirilgan namunaviy uylarda ham xuddi shunday holat. Uylarning loyihasida isitish tizimi tabiiy gaz bilan ekanligi ko‘rsatilgan, gazga moslashgan qozonxonalar qurilgan, oshxonalarga ham gaz bilan ishlaydigan jihozlar o‘rnatilgan. Faqat bu uylar tabiiy gazga ulanmay qolib ketgan.

Keyingi yillar aksariyat hududlarda, ayniqsa qish faslida issiqlik ta'minoti muammo bo‘lib turgani uchun odamlar aynan tabiiy gazga moslashgan, deb ko‘rsatilgan bu uylarni 340 million so‘mdan to‘lab sotib olishgan.

Endi esa...

«Uy loyihada ko‘rsatilganidek, gazga moslashgan, isitish tizimi o‘rnatilgan va bu, tabiiyki, uy narxida ham aks etgan. Ya'ni, biz buning uchun pul to‘laganmiz. Qolaversa, qattiq yoqilg‘i uchun joy nazarda tutilmagan ham.

Biz bu masalada prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilganimizda tumangaz idorasi vakillari buyurtmachi «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi namunali uylarni gazga ulash uchun mablag‘ o‘tkazmaganini aytishdi.

Modomiki, uylar tabiiy gazga ulanmas ekan, mutasaddilar nega shu vaqtgacha uy narxiga «mingan» gaz tarmoqlari xarajatlarini qayta hisob-kitob qilishmaydi?» deydi namunaviy uylarda yashovchilar.

Qozonxonalar ishlamagach, yashovchilar uylardan mo‘ri chiqarib o‘tin va ko‘mir pechkalar o‘rnatib olishgan. Yana bir muammo shuki, uylardagi havo aylanish tizimi ham nomigagina qurilgan. Bu esa ko‘mir yoqiladigan uylarda yana is gazidan zaharlanish xavfini yuzaga keltiradi.

Mahalla ahli bir necha marta tegishli idoralarga, tuman prokuraturasiga ham murojaat qilgan, biroq muammoga yechim topilmagan. Holbuki, bu namunaviy uylar yonginasida tabiiy gaz tarmog‘i bor.

Garchi aholi ko‘rsatgan loyiha nusxasida gazlashtirish nazarda tutilgan, isitish tizimi tabiiy gaz bilan ekani yozib qo‘yilgan, gaz tarmoqlari ham qurilgan bo‘lsa-da, tuman hokimligi vakillari bu uylarni gazlashtirish boshidan ko‘zda tutilmaganini ma'lum qildi.

Xo‘p, uylarni tabiiy gaz bilan isitish ko‘zda tutilmagan, aholi qo‘lidagi loyiha ham yolg‘on bo‘lsa, rostdan ham, nega uylarga gaz tarmoqlari tortib kirilgan?

Nega gaz plitalari o‘rnatilgan? Nima sababdan gazga moslashgan qozonxonalar qurilgan? Tabiiy gazga ulanish rejalashtirilmagan bo‘lsa nega ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘yilgan? Xalqning puli nega talon-toroj  qilingan? Qolaversa fuqarolar bizga taqdim etgan uyning qurilish loyihasida gazlashtirish ko‘zda tutilgani yozib qo‘yilgan. Hatto xonadon sohiblariga gaz hisoblagich ham tarqatilgan.

Hokimlikdan ana shu savollarga aniq javob ololmadik. Faqat shu yil yozda bu mahalladagi namunaviy uylar tabiiy gazga ulab berilishi ma'lum qilindi...

Endi uylarning sifati haqida

Namunaviy uylarning qay biriga kirmang birinchi navbatda o‘pirilib tushgan devorlarga duch kelasiz. Devorlar yorilgan, kanalizatsiya tizimi sifatsiz, ko‘p uylarning pol, tom qismlari ham allaqachon ta'mirtalab bo‘lib qolgan.

Uylarning hammom qismida ham ventilyatsiya tizimi bo‘lmagani uchun namiqib, devorlar mog‘orlab ketgan. Oshxonaga gaz plitalari o‘rnatilgan, ammo is gazini tortishga mo‘ljallangan uskunalar quvurlarining o‘lchami talabga javob bermaydi. Xullas... hali qurilganiga ikki yil bo‘lgan uylarning ahvolini ko‘rib, uni quruvchi va mutaxassislar qurganiga ishongingiz kelmaydi.

Xullas, yangi qurilgan bo‘lsa-da namunaviy uylarda muammo ko‘p. Ayni vaqtda eng asosiysi issiqlik.

Bu uylarda yashovchi bir guruh fuqarolar hokim qabuliga kirib, tabiiy gazga ulanishga yordam so‘ragan ammo muammo keyinchalik hal etilishi ma'lum qilingan. Odamlar esa ayni vaqtda sovuqdan azob chekmoqda va shuning uchun ular hokimning javobidan qoniqmagan.

Shundan so‘ng ayrim fuqarolar tahririyatga murojaat qilib, hokimdan «tili uzunligi» uchun dakki olgani va hokim murojaatchiga «kerak bo‘lsa, ikki minutda kimligini aniqlab olishi», haqda po‘pisa qilganidan xavotirda ekanini bildirdi.

«Hokim bilan suhbatimiz sovuq kechgach, ertasi kuniyoq uyimizga ichki ishlarning terrorizmga qarshi kurash bo‘limidan vakil kelib bizni qanaqadir ro‘yxatga olib ketgani yana ham xavotirimizni oshirdi», demoqda, hokim qabuliga borib issiqlik talab qilgan fuqarolar.

Tuman hokimi Botir Jabborov ichki ishlar xodimlarining fuqarolar uyiga borishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytmoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati esa chegara tumanlarda IIO FMBning barcha bo‘lim xodimlari vaqti-vaqti bilan fuqarolar uylariga borib suhbat uyushtirishi tabiiy holat ekanini ma'lum qildi.

Xo‘sh, fuqarolarni xavotirga solgan hokim bilan suhbat qay tarzda kechgandi?

Kun.uz tahririyati ixtiyoriga kelib tushgan ana shu suhbat audiosida fuqarolarning «hadeb» bu muammo yuzasidan hokim qabuliga kelaverishi rahbarga malol kelgani suhbat boshidayoq ma'lum bo‘ladi. Hokim fuqarolarga tumanda elektr, gaz bilan bog‘liq vaziyat, qilinadigan ishlarni batafsil tushuntirish bilan birga unga savol bergan murojaatchiga toqat qilolmagani, «kimlardan» ekaniga qiziqqani va «kerak bo‘lsa ikki daqiqada kimligini aniqlashi»ni ham qistirib o‘tadi. Savol bergan fuqaroga «o‘chir ovozingni» qabilida muomala qilinadi. Va suhbat oxirida yana «yumshab» sabr qilish lozimligi, hammasi asta-sekin bo‘lishi aytiladi.

Mazkur suhbatdan keyin fuqarolarning uyiga ichki ishlar idorasi terrorizmga qarshi kurash bo‘limi vakillari borgani murojaatchilarni vahimaga solgan.

Xullas, aftidan, Urgutdagi namunaviy uylarda issiqlik ta'minoti bir muammo bo‘lsa, uni ayta olish, murojaat qilish ikkinchi muammoga aylanyapti. Nima bo‘lganda ham hokimlik isitish tizimini kelgusi yozda hal etish niyatida. Endi aftidan, mahalladagilar bir amallab o‘sha kunlarga yetib olsa bo‘lgani.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri,
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top