15:02 / 20.01.2021
2356
2020 yilda aholi murojaatlari bilan talab darajasida ishlamagan 752 nafar mas'ul javobgarlikka tortilgan

2020 yil davomida virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar ijrosi bo‘yicha xalq deputatlari kengashlari majlislariga Xalq qabulxonalari tomonidan 743ta axborot kiritilgan. Unga ko‘ra 1759 nafar sektor yoki davlat idoralari rahbarlarining hisobotlari eshitilgan. 

Xalq qabulxonasi vakilining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, kiritilgan axborotlar va eshitilgan hisobotlar natijasi bo‘yicha 752 nafar mas'ul xodim aholi murojaatlari bilan talablar darajasida ishlamagani uchun javobgarlikka tortilgan. Ularning 26 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 20 nafariga jarima qo‘llanilgan, 89 nafariga hayfsan e'lon qilingan, 617 nafar mas'ul xodimlar esa rasman ogohlantirilgan.

Xalq qabulxonalari tomonidan sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyati tizimli o‘rganilib, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan 3353ta taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomalarga asosan 3108 nafar mas'ul xodim javobgarlikka tortilgan, shundan 201 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 286 nafariga jarima qo‘llanilgan, 1467 nafariga hayfsan e'lon qilingan, 1154 nafar mas'ul xodim esa rasman ogohlantirilgan.

Avvalroq, 2020 yilda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1 million 196 ming 370dan ziyod murojaat kelib tushgani haqida xabar berilgan edi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu murojaatlarning 58 foizi ijobiy hal qilish va huquqiy maslahat berish orqali yechimini topgan, 373,6 mingdan ziyod murojaat egasiga tushuntirish berilgan, qolgan murojaatlar ko‘rib chiqish jarayonida.

Top