16:49 / 20.01.2021
25804
Abduqodir Toshqulov: «Vazirlikda inson resurslari noto‘g‘ri tasarruf qilinmoqda. Xodimlar charchagan»
Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

19 yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov vazirlik xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan. Bu haqda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali xabar qilindi.

Ta'kidlanishicha, yig‘ilishda vazirlik faoliyatini samarali ishlatish masalalari jamoa ishtirokida muhokama qilingan. Unda jumladan, Abduqodir Toshqulov o‘zining vazirlikda o‘tgan 3 kunlik faoliyati bo‘yicha olgan xulosalari haqida ham gapirgan.

«Vazirlikdagi dastlabki uch kunlik faoliyatimdan kelib chiqib, qisqacha xulosamni aytadigan bo‘lsam, afsuski, taassurotlar kishini xursand qilmaydi.

Jamoada erkin va ijodiy muhit yo‘qdek, xodimlar horg‘in va tashabbus ko‘rsatmaydi. Sababi, ish tartibi to‘g‘ri tashkil etilmagan. Nazarimda, inson resurslari noto‘g‘ri tasarruf qilinmoqda. Xodimlar ishda ko‘p vaqt qolib ketishi natijasida jismonan va ruhan charchagan ko‘rinadi. Oilasiga, farzandlar tarbiyasiga e'tibor qaratishga ulgurmasa kerak.

Xodimlarga, avvalo, ish joyida erkin ishlash, ijodiy fikrlash, qolaversa dam olish uchun qulay sharoit yaratib berish va undan keyin ish unumdorligini talab qilish mumkin», – degan u.

Vazir yig‘ilishda tizimdagi ayrim strukturalar faoliyatiga ham to‘xtalib, ularning qoniqarsiz faoliyat yuritayotgani va bugungi kun talablariga javob bermasligini aytgan.

«Bundan buyon har bir boshqarma va bo‘lim faoliyati natijadorligi monitoring qilinishi, samarali faoliyat yuritgan mutaxassislar munosib taqdirlanishi lozim, aksincha o‘z funksional vazifalarini bajarmaydigan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi», – degan Toshqulov.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri yig‘ilishda OTMlarga yuborilayotgan topshiriqlarni muvofiqlashtirish, bir-birini takrorlaydigan vazifalarni qisqartirish, ijro intizomiga qat'iy rioya qilish lozimligi haqida ham gapirgan.

Jumladan, «bugundan boshlab jamoada yangicha ish tartibiga o‘tsak: qog‘ozbozlikni imkon qadar kamaytirish, ortiqcha majlisbozlikka chek qo‘yish va o‘z ishimizga mehr bilan munosabatda bo‘lib, undan zavqlanib ishlaylik. Agar har birimiz zimmamizdagi vazifalarga mas'uliyat bilan yondashib, bir tanu bir jon bo‘lib, hamjihatlikda ishlasak, ishimizda albatta unum bo‘ladi. Shunda xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlaymiz va soha oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajaramiz.

Vazirlik oldida ta'lim sifatini ta'minlashdek o‘ta mas'uliyatli vazifa turibdiki, bu vazifani oliy ta'lim muassasalari bilan ishchanlik va o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘yibgina amalga oshirish mumkin», – deya Abduqodir Toshqulov so‘zlarini keltirgan matbuot xizmati.

Yig‘ilishda kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, qarorlar qabul qilingan.

Top