21:30 / 20.01.2021
31621

«Biz ishchiga zormiz». Hokim o‘rinbosari bo‘sh ish o‘rinlari va yetishmayotgan ishchilar haqida gapirdi

Namangan viloyatidagi bir necha korxonalarda ishchi kuchi yetishmayotgani, viloyat aholisining aksariyati 2-3 million so‘m oylikka ishlashni istamayotgani ma'lum qilindi. 

Okibjon Inomov / Foto: Kun.uz

Namangan viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Okibjon Inomov 12 yanvar kuni OAV vakillari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida korxonalarga ishchilar yetishmayotgani haqida ma'lumot berdi, deya xabar qildi Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, hokim o‘rinbosari jurnalistlardan birining viloyatda o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilsa-da, nega ishsizlik darajasi hamon yuqoriligi haqidagi savoliga javob qaytargan.

«Biz ishchiga zormiz, aka. Baraka topkur, 2-3 million so‘m oylik qilib beramiz, kelib ishla. Birga ishlasak joy va sharoitingni qilib beraman deymiz, lekin ishlaydigan odam yo‘q. 2-3 million so‘m oylikka ishlaydigan ishchi topa olmayapmiz. Agar hoziroq 200 ta odam bo‘lsa, ularni bitta korxonaning  o‘ziga ishga olamiz.

Ayni paytda «Yuksalish» kichik sanoat zonasida qurilish ishlari ketyapti. Shunga quruvchi va ishchilar topa olmayapmiz.

Kichik sanoat zonalarini har kuni monitoring qilamiz. Rahbarlari «aka, ishchilar topib bering, oyligini beramiz», deyishadi. Hozir qishda ko‘pchilik uyda o‘tiribdi. Hamma joyda reklamalar e'lon qilyapmiz. Yo‘q ishchilar, topa olmayapmiz.  

2-3 million so‘m oylik 200-300 dollarga to‘g‘ri keladi. Musofir yurtga borib ham 500 dollarga ishlashadi. Shu pulning 200 dollarini o‘ziga sarflab, qolgan 300 dollarini uyga jo‘natyaptida», dedi viloyat rasmiysi.

Shuningdek, hokim o‘rinbosari 2021 yilda Namangan viloyatidagi kichik sanoat zonalari soni 100 taga yetkazilishini ma'lum qilgan. Buning uchun davlat budjetidan 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. 

Top