19:49 / 20.01.2021
7442
Energetika vazirligi Yangi Angren IESdagi portlash yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi

Energetika vazirligi matbuot xizmati Yangi Angren IESda yuz bergan portlash oqibatida vafot etganlar hamda jarohat olganlarning oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatilganini ma'lum qildi.

«Bugun, 2021 yil 20 yanvar kuni soat taxminan 11:42da Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining qozon agregatida ko‘mir-kukuni havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.

19 yanvar kuni Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining 5-son energobloki qozon agregatidagi nuqson tufayli ta'mirga chiqarilgan. Bugun elektr stansiya 560 MVt quvvat bilan ishlagan. 4ta energoblok ishda, bitta energoblok zaxirada bo‘lgan.

20 yanvar kuni «Vostokenergoteploizolyatsiya» AJ va «Energoqozontozalash» MChJning ta'mirlash ishlarini bajaradigan pudrat tashkilotlari ishni xavfsiz bajarish uchun yo‘riqnoma o‘tkazilib ishga qo‘yilgan.

Energoblok qozon agregatida ta'mir ishlarini bajarish vaqtida ko‘mir-kukuni havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Natijada «Vostokenergoteploizolyatsiya» AJning 3 nafar xodimi olingan jarohatlar natijasida vafot etgan, «Energoqozontozalash» MChJning 3 nafar xodimi turli darajadagi kuyish jarohatlari olishgan. Ayni paytda ular shifoxonada shifokorlar nazorati ostida, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Energetika vazirligi rahbariyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli idora vakillari «Yangi-Angren» issiqlik elektr stansiyasiga zudlik bilan yetib borishgan.

Hozirda tegishli tergov organ xodimlari tomonidan hodisaning asosiy sabablari o‘rganilmoqda. Hodisa sabablari to‘g‘risida rasmiy ma'lumotlar batafsil beriladi.

Pudrat tashkilotlari va kasaba uyushma qo‘mitalari rahbariyati tomonidan vafot etganlar hamda jarohat olganlarning oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda arxiv xarakteridagi videolar tarqatilgan bo‘lib, bu bugungi voqealarga aloqador emasligini bildiramiz», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura Yangi-Angren IESdagi portlash yuzasidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma'lum qilgandi.

Top