21:08 / 20.01.2021
11526

O‘zbekistondagi ikki yirik kon uchun soliq stavkalari nega kamaytirildi? Moliya vazirligi munosabat bildirdi

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJga yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy, kumush va mis bo‘yicha 5 foizga kamaytirildi. Buning sababi nimada edi?

Foto: LiveJournal

2020 yil 30 dekabrda imzolangan prezident qarorining 10-bandiga muvofiq, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJga yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy, kumush va mis bo‘yicha 15 foiz miqdorida belgilandi. Ushbu soliq o‘tgan yili mos ravishda 20 foizni tashkil etgandi.

Moliya vazirligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, amaldagi Soliq kodeksida oltin, palladiy, kumush va mis bo‘yicha yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi boshqa korxonalarga 10 foiz miqdorida joriy etilgan. Ikki kombinat uchun soliq stavkasining tushirilishidan maqsad mazkur korxonalardagi soliq miqdorini bosqichma-bosqich tenglashtirishdan iborat. Ya'ni 2021 yilda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJga 2020 yilga nisbatan 5 foizga kamaytirilgan holda soliq stavkasi belgilandi.

Ma'lum qilinishicha, barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun 2018 yilgacha oltin bo‘yicha yer qa'ridan foydalanganlik uchun 5 foiz miqdorda soliq stavkasi belgilangan. 2018 yilda esa bu miqdor 32, 2019 yilda 25, 2020 yilda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining qabul qilinishi bilan 10 foizni tashkil etgan. Ushbu hujjat bilan «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ uchun yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 20 foiz etib belgilangan.

Shu bilan birga, bu ikki korxonaning faoliyati yuzasidan olgan daromadlari 75 foizli stavkada foyda solig‘iga tortiladi. Ya'ni, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini 5 foizga kamaygan soliq summasining 75 foizi foyda solig‘i va qolgan qismi dividend solig‘i orqali davlat budjetiga tushishi ta'minlanadi.

Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining 2021 yildagi davlat budjetiga oid qarori 10-bandiga muvofiq rentabellik darajasidan kelib chiqib, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ uchun foyda solig‘i stavkalari soliq solish bazasining, tovar (ish, xizmat) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 15 foiziga teng miqdoridagi qismiga 15 foiz, soliq solish bazasining qolgan qismiga nisbatan 75 foiz miqdorida soliq solinishi belgilangan.    

Soliq kodeksining 452-moddasida asl, rangli, noyob va radioaktiv metallarni qazib olishni amalga oshiruvchi alohida soliq to‘lovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan oshirilgan soliq stavkalari belgilanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top