07:33 / 20.01.2021
35330
Ranglarga ajratilayotgan maktablar, sifati oshmayotgan ta'lim va motivatsiyasiz shahar yoshlari - Sherzod Shermatov bilan suhbat

Bugun maktab ta'limi haqida kimdan fikrini so‘ramang, u albatta ta'limdagi sifat pastligidan shikoyat qiladi. Haqiqatda, bugun maktab ta'limini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab takliflar, loyihalar va ekspertlar fikrlari aytilayotganiga qaramay, ular dars jarayonlariga kirib bormayotgandek.

Biz mavzu atrofidagi shu kabi ko‘plab savollar yuzasidan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan intervyu uyushtirdik.

— Sherzod aka, nazarimda, maktab ta'limidagi sifatning pastligiga yillar davomida paydo bo‘lgan turg‘unlik ham sabab. Ya'ni o‘qitish jarayonini yaxshilash bo‘yicha juda ko‘p takliflar aytilmoqda, lekin joylarda deyarli barcha o‘qituvchilar eski qolipda ishlashni davom ettirmoqda.

Xo‘sh, ekspertlar, chet ellik mutaxassislar, o‘zimizning mutaxassislar taklif qilayotgan yangiliklarning amaliyotga kirib borishida nimalar to‘siq bo‘lmoqda?

— Maktab ta'limi deganda baribir o‘qituvchi nazarda tutiladi. Bu tizimda yarim millionga yaqin o‘qituvchi ishlaydi.

Uch-to‘rt yil avval o‘qituvchidan dars sifatini talab qilib bo‘lmas edi. Chunki o‘qituvchi o‘zining ishidan boshqa barcha ish bilan shug‘ullanar, qog‘ozbozlikka ko‘milgan edi.  

O‘qituvchidan vaqtida paxtasini terish, ko‘chasini supurish va shu kabi boshqa ishlar natijasi so‘ralgan xolos. O‘sha paytda o‘qituvchilar orasida «bolalardan ozod qilib qo‘ysangiz, hamma ishni bajaramiz», degan istehzoli gaplar bo‘lgan.

Ammo prezident Mirziyoyev iqtidorga kelgach, bu tizimda o‘zgarishlar kuzatildi. Ya'ni tizimga o‘qituvchi o‘zining ishini qilsin, degan g‘oya qaytdi.

Albatta, bunga kelish ham oson bo‘layotgani yo‘q, ya'ni o‘qituvchilarni qandaydir dala ishlari, yoki o‘ziga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb qilish kabi holatlar hamon bor. Va OAV yordamida bu kabi holatlarni ham yo‘q qilishga harakat qilinyapti.

Hozir o‘qituvchi darsga qaytdi – bu yaxshi, lekin endilikda yana bir muammo bor. O‘qituvchilarning hammasi ham dars jarayonlarida sifatni qanday oshirish borasida fikr, tushunchaga ega emas.

Shu bois, biz yaqindan maktablarni ta'lim sifatiga qarab to‘q qizil, och qizil, sariq va yashil rangda  tasnifladik. Bunda birorta ham o‘quvchisi OTMga kirmagan maktablar to‘q qizil rangda, 10 foizgacha o‘quvchisi OTMga kirgan maktablar och qizil, 30 foizgacha o‘quvchisi OTMga kirgan maktablar sariq va o‘quvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi 30 foizdan oshgan maktablar yashil rangda belgilandi.

Biz endilikda qizil rangga olingan maktablar bilan ko‘proq ishlayapmiz. Hozir respublika miqyosida 692ta shunday maktablar bor.

— O‘qituvchilarning hammasi ham dars jarayonlarida sifatni qanday oshirish borasida fikr, tushunchaga ega emas, dedingiz. Ularning malakasini oshirish bo‘yicha nima ish qilinyapti?

— Maktablarda aynan malakali o‘qituvchilarga talab juda yuqori. Lekin ushbu grafikda ko‘rishingiz mumkinki, atigi 3 foiz o‘qituvchi oliy toifaga, 11 foizi esa birinchi toifaga ega. Ya'ni, umumiy 14 foizgina o‘qituvchini yashil kategoriyaga ajratsak bo‘ladi.

Bular nafaqat maktab direktori tomonidan e'zozda, balki ota-onalar ham aynan shunday malakali o‘qituvchilarni repetitor sifatida qo‘shimcha dars berishga ko‘ndirishga harakat qilishadi.

Qizil kategoriyadagi maktablarga borilsa, aksariyatida umuman oliy toifali o‘qituvchi yo‘q ekani ko‘rinadi. Aksincha, yashil kategoriyadagi maktablarda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ham nisbatan ko‘proq bo‘lib chiqyapti.

Endi, quyiroqdagi grafikka e'tibor bersangiz, yashil kategoriyali o‘qituvchilar «pedstavka»ga nisbatan ko‘p emas, aksincha joylarda ularga talab juda yuqori.

Qizil kategoriyadagi, ya'ni toifasiz o‘qituvchilar orasida va umuman oliy ta'limda o‘qimagan o‘qituvchilar orasida aynan bir o‘qituvchi o‘rnida bir necha o‘qituvchi ishlayotgani grafikdan yaqqol ko‘rinadi. Buning natijasida ularning haqiqatda olayotgan oyligi ham anchagina kamayadi. Ushbu qizil kategoriyadagi o‘qituvchilar umumiy o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. 80 ming o‘qituvchi ko‘proq deyilgani ham aynan ushbu qizil kategoriyadagi o‘qituvchilar orasidadir.

Shu sababli, qizil kategoriyadagi o‘qituvchilarimizdan ko‘proq o‘z ustilarida ishlab, o‘z fanlarini chuqurroq o‘rganib, navbatdan tashqari malaka toifa imtihonlaridan o‘tib, o‘z toifalarini oshirishlarini so‘raymiz. Shu orqali ularning oylik maoshlari ham oshadi. Toifasiz o‘qituvchi va oliy toifali o‘qituvchi oyligi orasidagi farq ham anchagina, shuningdek, xabaringiz bor yuqori toifali o‘qituvchidan soat ortib qolsagina pastroq toifa o‘qituvchiga beriladigan tartib joriy etilmoqda. Bu esa malakali o‘qituvchining oyligi yana oshishiga yordam beradi. Bundan buyog‘iga ham oylik oshirish bo‘yicha siyosat yuqori malakali o‘qituvchi bilan toifasiz o‘qituvchi oyligi orasidagi farqni oshirishga qaratiladi.

O‘qituvchi boshqa tumanga ishlash uchun borganiga 50 foiz, boshqa viloyatga borganiga esa 100 foiz qo‘shimcha to‘lanishi ham faqat oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarga taalluqli bo‘lgani ham bunday o‘qituvchilarimiz o‘z ustilarida ishlashlari uchun qo‘shimcha stimul bo‘ladi deb umid qilamiz.

O‘qituvchining o‘z kasbini hamda bolalarni sevishi, o‘z malakasini doimiy oshirib borishi eng muhim masaladir va qolgan tashqi faktorlar ikkilamchi. Masalan, yaqinda Bulung‘ur tumanidagi 2 ta to‘q qizil kategoriyadagi maktablarga tashrifimiz chog‘ida shunga guvoh bo‘ldikki, avvalo, ularning moddiy texnik holati o‘sha tumandagi yashil maktabnikidan yaxshiroq ekani, hamda qizil maktablar bitiruv sinflaridagi o‘quvchilari soni 15,16 va 19 nafarni tashkil etgani va aksincha yashil maktabda o‘quvchilar soni sinfda bundan ancha ko‘p bo‘lgan.

Hozir esa o‘qituvchidan faqat o‘z ustida ishlash, hamda o‘quvchilarning natijaga erishishlariga harakat qilish talab etiladi. Hozirning o‘zidayoq, darhol qizil kategoriyadagi o‘qituvchiga chora ko‘rilsin deb aytilgani yo‘q. Asosiy maqsadimiz ta'lim sifatini oshirishga birgalikda harakat qilish. O‘qituvchilar orasida ham sog‘lom raqobat shakllanishi barcha maktablarda ta'lim sifati oshishiga yordam beradi.

—O‘quvchining maktabda yaxshi bilim olishi o‘qituvchining qay darajada motivator ekanligi va bolaga beradigan motivatsiyasiga ham bog‘liq.

— Ha, yuqorida Bulung‘ur tumani misolida to‘q qizil rangdagi maktablarga borganim haqida gapirdim. O‘sha tumanda bittagina yashil maktab bor ekan. U bechoraning issiqlik tizimi ham yaxshi ishlamas ekan. Chunki borganimizda sovuq xonada o‘tirdik.

U yerda fidoyi o‘qituvchilar bor. Shuning uchun ham hamma narsa va har doim ham moddiy texnikaga bog‘liq bo‘lavermaydi. Albatta, ta'lim olishga sharoit bo‘lishi kerak. Ammo bular bo‘ldi degani ta'lim sifati yaxshilandi degani emas. Eng asosiy masala o‘qituvchida va u bera oladigan motivatsiyada.

Ikki yil avval Nobel mukofotini olgan iqtisodchilar ta'limning qaysi yo‘nalishiga pul ajratsa yaxshi bo‘lishi borasida tadqiqot o‘tkazib ko‘rishgan.

Bunda deylik, 1 dollar bino ta'miriga, 1 dollar bolaga kompyuter olib berishga, 1 dollar o‘qituvchining oyligini oshirishga va yana 1 dollar bolaning ta'limga bo‘lgan motivatsiyasini oshirishga sarflangan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, bolaning motivatsiyasi uchun sarflangan pul boshqalariga qaraganda 15 barobar ko‘p foyda keltirgan.

Uzoq qishloqlardagi maktablarga ko‘p boramiz. E'tibor berganim, u yerlarda bolalar ko‘proq o‘qishga harakat qiladi. Juda bo‘lmasa, shu og‘ir sharoitdan chiqishga harakat qiladi.

Qishloqlardagi bolalar Toshkentga borib o‘qiyman, deya harakat qiladi. Bu hayot uchun kurashdagi eng katta yo‘nalish.

Endi Toshkentdagi o‘rtacha sharoitli oilani olaylik. Bu yerda ota-ona bolasi uchun hamma narsani qilib bergan. Aynan ota-ona bolasi uchun mashina olib beradi, uylantirib qo‘yadi. Uylantirgandan keyin ham o‘zi boqadi. Shu sabab bolada motivatsiya bo‘lmay qolgan.

Toshkentlik bolalar mendan xafa bo‘lmasin, o‘zim ham toshkentlik, eski shaharlikman. Ko‘pchilik toshkentlik yoshlarning hayotda motivatsiyasi yo‘q. Chunki ularning hamma narsasi bor. Shuning uchun ham biz bolaga motivatsiya berish yo‘llarini  o‘ylashimiz kerak.

Yaponlarda shunday maqol bor: «Agar kimdir o‘z harakatlari orqali yaxshi natijalarga erishsa-yu, lekin ularning farzandlari kayf-u safo bilan ovora bo‘lsa, ularning nabiralari tilanchilik qiladi». Ya'ni bu ham o‘rtaholdan sal yaxshiroq yashaydigan oilalarga tegishli masala.

Ko‘pchilik ota-onalar katta ishlarda ishlaydi, lekin ularning oilaga kelishga, bolaning yonida bo‘lishga vaqti yo‘q. Oqibatda ular bolasiga beradigan mehrni pul bilan kompensatsiya qilishga harakat qiladi. Ko‘p pul beradi, sovg‘alar olib beradi. Natijada «oltin bola» shakllanadi.

Shu muhitda o‘sgan «oltin bola» tabiiyki, o‘z vaqtini kafe, restoran, choyxona, tog‘ va boshqalarga borish bilan o‘tkazadi. U borib-borib ota-onasini sharmanda qiladigan bolaga aylanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham juda ko‘p milliarderlar boyligining katta qismini xayriya fondlariga o‘tkazadi. Chunki, ular topgan pulning hammasi bolasiga qolsa, dangasa bo‘lib qolishidan qo‘rqadi.

— Ko‘pchilik o‘qituvchilar fikricha sinflarda bolalar sonining haddan ziyod ko‘pligi muammoli vaziyat ekan. Bu haqli e'tirozdek tuyuladi. Chunki bolalarning bilim olishga intilishi va ishtiyoqi ham bir-biridan keskin farq qiladi.

Ayting-chi, xalq ta'limi tizimidan  yaqin yillar ichida mana shu borada qandaydir islohotlar kutishimiz mumkinmi?

— Ko‘p narsa pulga bog‘liq. Oddiy bir misol. Biz shu masalada ikki, uchta taklif bilan chiqqanmiz. Lekin har bir taklifning orqasida ham pul turadi.

Hozirgi vaqtda bitta sinfda bolalar soni 35ta bo‘ladigan bo‘lsa-yu, uni 24taga kamaytirmoqchi bo‘lsak, yiliga o‘rtacha 9 trln qo‘shimcha pul kerak. Agar budjetimiz 20 trln so‘m bo‘lsa, yana 9 trln kerak bo‘ladi. Bu juda katta pul.

Xudo xohlasa, bunga ham kelarmiz, lekin shu pulni berdi degani sifat o‘sib qolishini ham anglatmaydi. Sababi yuqoridagi holat. Ya'ni bizda yaxshi o‘qituvchilarning o‘zi yetishmaydi.

Men sizga yuqorida yashil kategoriyadagi o‘qituvchilarning foizini aytdim. U atigi 14 foiz. Bu degani sinf soni ko‘paytirilsa, o‘qituvchi soni ham ko‘payishi kerak.

Yana Bulung‘ur tumani misolida gapiraman. O‘sha joyda to‘q qizil rangga olingan ikki maktabning birida o‘quvchilar soni 15ta, ikkinchisida 16ta ekan. Shu ikki maktabning birorta o‘quvchisi ham OTMga kirolmagan. Har doim ham 15ta, 16ta o‘qidi degani sifatli o‘qidi degani emas.

Men ham sinflarda o‘quvchi soni kamayishi tarafdoriman, lekin bu narsa iqtisodiyotimizga bog‘liq. Biz ijro etuvchi hokimiyat faqat ajratilgan budjet doirasida ishlaymiz.

Biz ajratilgan budjetni sifatli sarflamoqchi bo‘lsak, sifatli o‘qituvchini tayyorlashga va ularning sonini ko‘paytirishga e'tibor qaratishimiz kerak.

— Pedagogika universitetlarini bitirib o‘qituvchilikka kelayotgan yosh kadrlar sifati sizni qoniqtiradimi?

— Universitetlarni xafa qilmoqchi emasman, lekin yo‘q.

Fikrimni ikkita fakt bilan keltiraman. Birinchisi, universitetlarning milliy reytingida pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalari doim eng pastda bo‘lib kelyapti. Shuning o‘zi savolingizga javob bo‘ladi.

Ikkinchi fakt, rus tilini o‘qitish uchun rossiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga olib kelganimizda ko‘rindi. Bu jarayonda biz 4 mingdan ortiq o‘qituvchilarimizning rus tili bo‘yicha bilimini tekshirdik. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yoshi katta o‘qituvchilarning bilim darajasi bilan yosh, OTMni endi bitirib kelgan o‘qituvchilarning bilim darajasida yer bilan osmoncha farq bor.

Shuning o‘zini ham pedagogika universitetlarini bitirib kelgan yosh kadrlarning natijasi deb bilsa bo‘ladi.

Men pedagogika universitetlarini yomonlash maqsadida gapirmayapman. Buning ham bir nechta obektiv sabablari bor.

Bilasiz, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin «bozor iqtisodiyoti» deyildi-da, ziyoli odamlarning jamiyatda obro‘yi ketib qoldi. Akademiklar ham kerak bo‘lsa, bozorga chiqib savdo yoki taksistlik qildi. Jamiyatda qadriyatlar o‘zgarib ketdi.

Avvallari yoshlar olim yoki professor bo‘laman, degan bo‘lsa, hozirgi yoshlarning fikri savdo-sotiq, biznes ochish.

Bu bir kategoriya bo‘lsa, ikkinchi kategoriya ularni tekshiruvchilar: soliqchi, bojxonachi, prokuror, DXX.

Odamzod shunday – ko‘rgani bo‘yicha baho beradi. Yoshlar ham fikrlaydi. Kimning uyi chiroyli? Kim yaxshi avtomobilda yuradi?

Shu ma'noda yillar davomida ziyoli kishining jamiyatdagi qadri tushib bordi. Men o‘tmishga tosh otmoqchi emasman, shunchaki muammoning haqiqiy sabablarini sanayapman.

Yillar davomida o‘qishga kirish uchun eng ko‘p nomzodlar Toshkent davlat yuridik universitetiga bo‘lib keldi. Unga kirishning ko‘chadagi «stavka»lari ham eng baland bo‘lib keldi. Pedagogikaniki esa eng past.

Demak, yaxshi o‘qiydigan, harakatchan yoshlar huquqshunoslik, iqtisodiyot, moliya kabi yo‘nalishlarga ketaverdi. Hech qayerga kirolmaydiganlar esa pedagogikaga keldi. Shu holatning o‘zida birinchi saralash.

Keyingisi pedagogika universitetlarini eng yuqori natija bilan bitirgan yoshlar ham maktabdan boshqa hamma joyga borib ishladi.

Yillar davomida shunday bo‘lib keldi. Pedagogikani eng past natija bilan tugatganlar maktablarga borib dars berdi. Tabiiyki, maktablarda ham bilim berish darajasi tushib bordi. Shuncha yillik ishlarning natijasini hozir ko‘rib turibmiz.

Hozir bu siklni 180 darajaga o‘zgartirish uchun harakat qilyapmiz. Bu ozmi-ko‘pmi o‘z natijasini beryapti. Masalan, 2-3 yil avval maktab bolalarining aksariyatidan «o‘qituvchi bo‘lasanmi?», deb so‘ralsa «yo‘q» javobini berardi. Ularning ota-onasi ham yo‘q derdi. Eng yomoni o‘qituvchilarning o‘zidan farzandingiz o‘qituvchi bo‘lishini xohlaysizmi, deb so‘ralsa, ular ham yo‘q derdi. Endilikda vaziyat asta-sekin o‘zgaryapti.

— Maktab ta'limida sifatni oshirish uchun joylardagi boshqarma va bo‘limlar obro‘yini oshirish ham juda muhim.

Yaqindan tizimdagi boshqarma va bo‘limlar viloyat hamda tuman hokimlari boshqaruviga berildi. Ya'ni, endilikda Xalq ta'limi vazirligining boshqarma va bo‘lim rahbarlari hokimlarga maslahatchilik qilyapti.

Ayting-chi, shaxsan sizni bu o‘zgarish qoniqtirdimi? Chunki joylarda ayrim hokimlarning avvalo o‘zida bilim va tarbiya masalasi biroz og‘ir.

— Butun dunyoda viloyat va tuman hokimi birinchi navbatda maktab ta'limi, ya'ni ijtimoiy soha bilan shug‘ullanadi. Bizda esa hokimlar yillar davomida paxta bilan shug‘ullanib keldi. Ularga faqat paxtadagi natijasi uchun baho qo‘yilgan.

Avvallari hokimlarning o‘zida mustaqil pul ham bo‘lmasdi. Hamma pul markazda edi. Shuning uchun hokimlar biror ish qilmoqchi bo‘lsa, bunga kimdandir majburlab pul olardi.

Hozirda ularning qo‘lida ko‘proq pul qoldirish siyosati bo‘lyapti. Endilikda hokimlarning reytingiga maktablardagi siyosati ham ta'sir qiladi. Bundan buyog‘iga qaysi hokim maktab bilan ishlasa – yaxshi hokim, qaysi biri yordam bermasa – yomon hokim.

Hozirgi hokimlarning to‘rt yil avvalgi hokimlar bilan ancha farqi bor.

To‘g‘ri, qaysidir hokimlarning ba'zida haqoratli audio va videolari chiqib qolyapti. Bunday holatlarda aybdorlar jazolanishi kerak. Jamiyat shakllanishi kerak.

Umuman hokimiyat tizimlarining reformasi bo‘yicha prezident o‘z murojaatnomasida aytdi. Masalan, endilikda hokimlar mahalliy kengashlarga hisobot beradigan darajaga chiqishi kerak. Unga boriladi ham.

Lekin maktabni hokimiyatdan ajratib bo‘lmaydi. Chunki maktablarning juda ko‘p moliyaviy masalalari hokimiyatlarga bog‘liq. Masalan, maktablarning oyligi respublika budjetidan beriladi.

Investitsiya dasturi bo‘yicha maktablarni qurishga pul ajratiladi va buni ham hokimiyat qoshidagi yagona buyurtmachi xizmati qiladi.

Vazirlik tizimidagi boshqarma va bo‘lim boshliqlari hokimlarga maslahatchi qilinishining sababi ham shundaki, ular masalani bemalol hokimlarga olib kira olsin.

Hozir hokimlarning o‘zida pul resursi ham bor. Kimdir unga avtomashina xarid qilyapti. Tushungan hokimlar esa maktablarni to‘g‘rilayapti.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Top