16:22 / 20.01.2021
18676

Shavkat Mirziyoyev yo‘qolib borayotgan urf-odatlar va ajrimlar haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kungi selektorda ma'naviyat mavzusida ma'ruza qildi. Davlat rahbari o‘z so‘zida mahallaning bolalar tarbiyasi va ajrimlardagi roliga e'tibor qaratdi.

«Keksa avlod vakillari yoshlarni mehnatga, o‘z uyini, ko‘chalar, guzar va maydonlarni ozoda tutishga o‘rgatardi. Bizda bu urf-odat edi. Endi ayrim odamlar hovlisini bolasiga emas, mardikorga tozalattiryapti.

Ko‘p qavatli uylarda qo‘shni qo‘shnisini tanimaydi. Bu holda bolalar mehnatni, odobni, ma'naviyatni, mehr-oqibatni kimdan o‘rganadi?

Ma'naviyatimiz uchun eng katta xavf – aksariyat odamlarimizdagi loqaydlik va beparvolik kuchayib boryapti», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bolalar tarbiyasida mahallaning o‘rni kamayib borayotganini qayd etdi.

«Ilgari bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan maqolga amal qilib yashardik. O‘g‘il-qizlarimizning axloq-odobi, o‘qishi uchun nafaqat ularning ota-onalari, avvalo mahalladagi nuroniylar, kayvoni keksalar, ziyolilar ham o‘zini mas'ul va javobgar deb bilardi.

Shuning uchun ham mahallalarimizda urush-janjal, bezorilik, ichkilikbozlik qilib yuradigan yoshlar, oilaviy ajrimlar kam bo‘lar edi. Ajrim bizga yot edi. Shunday mahallalar bor ediki, nuroniyning bir og‘iz gapi bilan hamma narsa hal bo‘lar edi.

Lekin hozir yengil-yelpi hayotga o‘tib oldik. Mana, ajrimlarning statistikasini ko‘ringlar. Bu nima degan gap? Qayoqqa boryapmiz?» – ta'kidladi u.

Top