17:49 / 20.01.2021
5662
«To‘g‘ri tushuntirilayotgan» yechimsiz muammolar. Uzunning «Obizarang» mahallasidagilar to‘rt yildan beri idorama-idora sarson

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida joylashgan «Obizarang» mahallasida yashovchi fuqarolar Kun.uz saytiga murojaat qilib, hududdagi muammolarni bayon etishdi. Tahririyat muxbirlari masalani o‘rganish uchun mahallada bo‘lib, u yerda istiqomat qiluvchilarni tingladi.

«Obizarang» mahallasi Uzun tuman markazidan unchalik ham uzoq emas ekan. Ammo mahallaning ba'zi joylarida ahvol achinarli.

Xususan, Sadriddin Ayniy ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar ichimlik suvini bir kilometrdan, loy ko‘chadan tashib kelishmoqda. Bu qishning qahraton kunlarida haqiqiy azobga aylangan.

Elektr energiyasi ta'minoti ham talab darajasida emas. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan mahalla vakillari elektr toki uydagi «lampochka»ni pomidordek qizartirib turishga yetishini aytishdi.

Ular elektr energiyasida tez-tez cheklovlar bo‘lib turishini aytishdi. Mahalladagi transformator sobiq sovet tuzumi davrida o‘rnatilgan bo‘lib, 100ta xo‘jalikni elektr energiya bilan ta'minlashga mo‘ljallangan. Ammo bugungi kunga kelib mahalla kattalashib, unda istiqomat qiluvchilar soni 300ta xo‘jalikka yetgan. Ammo shu paytga qadar transformator nimstansiyasi quvvati kattarog‘iga almashtirilmagan.

Avvallari bir xonadonda bitta televizor, bitta lampochka, bitta dazmol bo‘lardi. Hozir ba'zi xonadonlarda 10 turdan oshiq maishiy texnikalar ishlatilmoqda. Shunga yarasha elektr energiyasi iste'moli ham oshib boryapti. Ammo mazkur mahallada biror o‘zgarish, yangilanish amalga oshirilgani yo‘q.

Bolalar loy ko‘cha oralab qo‘shni mahalladagi maktabga qatnaydi. Chiroq xiraligi sabab darslarni o‘z vaqtida bajara olishmaydi.

Ishsiz fuqarolar ko‘p. Rossiya tomon yo‘l karantin bois yopilib qolgach, hudud yoshlari asosiy daromad manbayidan uzilib qolishgan. Achinarlisi, tumanda aholini qamrab olish uchun yetarli ish o‘rinlari yo‘q.

«Biz bekorchi, dangasa emasmiz. Ish o‘rinlari bo‘lsa, ishlab ro‘zg‘orimizni o‘tkazsak, shuning o‘zi yetarli. Ba'zi tanishlarimiz haydovchilik guvohnomasiga «Ye» toifasini olib, xalqaro yuk mashinalari orqali Rossiyaga yetib olishdi. Buning uchun 1000-2000 dollar pul sarflashdi. Ammo bizda buncha pul yo‘q. Rahbarlar yurtimizda yashashimiz uchun ozgina bo‘lsa ham daromad manbayini yaratib berishlari kerak», deyishdi mahalla vakillari.

Ko‘chaning boshidan gaz quvuri o‘tgan. Fuqarolar gaz quvuriga ulanish uchun to‘rt yildan buyon idorama-idora yugurishadi. Arizalar yozishadi. Ammo natija yo‘q.

Kun.uz muxbiri muammoni o‘rganishga borganda o‘zini «Uzun tumangaz» ta'minoti bo‘limi mulozimi va tuman kengashi deputati deb tanishtirgan Karimjon Abdullayev Nodira Nazarovaning arizasini o‘rganish uchun keldi.

O‘zaro suhbatda Karimjon Abdullayev tumanning 2021 yilga mo‘ljallangan manzilli dasturi tasdiqlab bo‘lingani sababli «Obizarang» mahallasi Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi xonadonlarni gazlashtirish imkoni yo‘qligini tushuntirdi. Fuqarolar 4 yildan buyon arizalariga shu mazmundagi javob olishayotganini bildirgach, Karimjon Abdullayev «Mening ishim masalani sizga tushuntirish», — deya suhbatga yakun yasadi.

Xalq tilida «To‘g‘ri tushuntirib yubordim», — degan ibora bor. Bu «Masalani hal etmasam-da, arizani yopib, yuqoriga javob yozishimga yetarli asosni oldim, bo‘ldi», — degan ma'noni bildiradi. Bugungi kunda arizalar ko‘paygandan ko‘paymoqda. To‘g‘ri tushuntirish ishlari esa viloyat miqyosida epidemiyadek ommaviy tus oldi.

Rahbariyat to‘g‘ri tushuntirish ishlarini olib borish o‘rniga masalani hal etishni o‘rganishganda edi, xalqning hayoti bugungidan ancha yaxshilangan bo‘lardi.

Sirojiddin Mamajonov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top