09:46 / 20.01.2021
16295
Tramp oxirgi marta millatga murojaat qildi
Foto: Reuters

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp 20 yanvarda o‘z lavozimini tark etishdan oldin oxirgi marta millatga murojaat qildi. Tramp o‘z nutqida birorta yangi urush boshlamaganidan faxrlanishini hamda Xitoyga “har qachongidan” kuchliroq qarshi turganini aytgan.

AQSh prezidenti o‘z murojaatida hokimiyatni yangi ma'muriyatga topshirishga tayyorlanayotganini va yangi jamoa “Amerikani xavfsiz va farovon saqlab qolishi uchun” duoda bo‘lishini aytgan.  

Tramp AQShda Vashingtondagi Kapitoliy binosiga 6 yanvarda qilingan hujumga o‘xshash siyosiy zo‘ravonlikni oqlab bo‘lmasligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, u boshlagan siyosiy harakat endigina “boshlanmoqda”. 

“Hozirda men chorshanba kuni peshinda hokimiyatni yangi ma'muriyatga topshirishga tayyorlanayotgan vaqtimda shuni bilishingizni istardimki, biz boshlagan harakat bu faqat boshlanishidir”, deb aytgan Tramp. 

Tramp 4 yillik prezidentligiga yakun yasar ekan, o‘zini AQShning oxirgi o‘n yillar davomida yangi urush boshlamagan birinchi prezidenti deb atagan.

“Men oxirgi o‘n yillikda yangi urush boshlamagan birinchi prezident bo‘lganimdan faxrlanaman”, deb aytgan prezident.

U, shuningdek, AQShning dunyodagi yetakchiligini tiklay olganini qo‘shimcha qilgan. 

“Men og‘ir janglarga kirishdim va murakkab tanlovlar qildim, chunki meni shuning uchun saylashgan. Bizning kun tartibimizda o‘ng yoki chap, respublikachi yoki demokrat bo‘lish emas, balki butun mamlakat uchun yaxshi bo‘lishi masalasi turdi. Biz Amerikaga ichki kuchni va xorijda yetakchilikni qaytara oldik. Dunyo yana bizni hurmat qilmoqda. Iltimos, bu hurmatni yo‘qotmang”, deb ta'kidlab o‘tgan Oq uy rahbari.

Tramp o‘z nutqining katta qismini o‘zi erishgan yutuqlarni sanab o‘tishga ajratgan. Oq uy rahbari bu yutuqlar orasida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilishi, pandemiya sharoitida aholi va iqtisodiyotning qo‘llab-quvvatlanishi, soliqlar va ishsizlik darajasining pasaytirilishini ta'kidlab o‘tgan.

Prezident tashqi siyosatdagi yutuqlari orasida Meksika va Lotin Amerikasining bir qator davlatlari bilan tuzilgan savdo bitimlari, “AQSh manfaatlariga xizmat qilmagan” xalqaro kelishuvlardan chiqilishi, NATOga a'zo davlatlarning alyansga to‘laydigan badal miqdorini oshirishga erishilgani, AQSh koinot kuchlari ta'sis etilganini ta'kidlab o‘tgan.

AQShning yangi prezidenti Jo Baydenning inauguratsiyasi 20 yanvarda Toshkent vaqti bilan soat 22da bo‘lib o‘tadi. Tramp marosimda ishtirok etmay, inauguratsiyadan bir necha soat oldin prezident maqomida Oq uyni tark etmoqchi.

Inauguratsiya vaqtida tartibsizliklar yuz berishi ehtimoli sababli poytaxtda tartibni saqlashga katta kuch jalb qilingan.  

Top