22:18 / 20.01.2021
7069
«Uskunani bir marta o‘rnatgani uchun bir necha oy xizmat haqi olish qonunga zid». Onlayn nazorat kassa mashinalari haqida DSQ munosabati

Uskunani o‘rnatish, tadbirkorga undan foydalanishni o‘rgatish, mahsulotlarni apparatga joylab, ishga tushirib berish xizmat hisoblanadi. Lekin bu ish har oyda emas, faqatgina bir marta bajariladi. Buning uchun tadbirkorlik sub'yektlaridan har oy to‘lov undirish qonunchilikka zid, deb hisoblaydi Soliq qo‘mitasi xodimi Hayotjon Nasrulloyev.

Davlat Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Hayotjon  Nasrulloyev onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan Kun.uz muxbiriga qisqa intervyu berdi.

Onlayn nazorat kassa mashinalari nega kerak bo‘ldi?

Ayni paytda onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etishning uchinchi bosqichi boshlandi. Bunda savdo aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari ushbu kassa mashinalaridan foydalanishmoqda.

Hozirgi kunda tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestriga kiritilgan 13 turdagi onlayn nazorat kassa mashinasi va 11 turdagi virtual kassa dasturiy mahsulotlaridan ixtiyoriy tanlov asosida foydalanishlari mumkin.

Ularga o‘zlariga ma'qul bo‘lgan turdagi modelning xususiyatlari, narxi, faoliyat turiga mos kelishi, funksional imkoniyatlari va keyinchalik bundan foydalanish umumiy xarajatlari qancha bo‘lishidan kelib chiqqan holda tanlash hamda foydalanish huquqi berilgan.

Oylik abonent to‘lovi haqida

Hayotjon  Nasrulloyev

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan nazorat kassa mashinalari tizimini yanada takomillashtirish maqsadida jarayonlar to‘liq o‘rganib chiqilmoqda. Bunda texnik xizmat ko‘rsatish markazlari qaysi turdagi xizmatlarni qanaqa shaklda ko‘rsatyapti, aynan buni tadbirkorlik subektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun so‘ralayotgan tarif rejalari nima asosida shakllanganiga e'tibor qaratilyapti.

ONKMni o‘rnatish, ishlatib ko‘rsatish, uskunadan foydalanishni o‘rgatish, mahsulotlarni apparatga joylab ishga tushirib berish haqiqatda xizmat hisoblanadi. Lekin bu ish har oyda emas, faqatgina bir marta bajariladi.

Keyingi oylarda ham xizmat xarajatlari tarkibiga kiritilib, har oy tadbirkorlik sub'yektlaridan to‘lov talab qilinishi qonunchilik talablariga umuman mos kelmaydi.

Texnik xizmat ko‘rsatish markazlariga ham mazkur talablar aytilgan. Har bir tadbirkorlik sub'yekti birinchi navbatda o‘ziga mos keladigan ONKMni tanlaydi. Qolaversa, bu yerda texnik xizmat ko‘rsatish markazlari yoki ONKMni ishlab chiqaruvchilar ham o‘zining sotayotgan mahsuloti va ko‘rsatayotgan xizmatlarni bozordagi qiymati qanchalik yuqoriligidan kelib chiqqan holda mijozlari sonining ertaga kamayishi yoki yo‘qolishidan ham xavotir bo‘ladi. Shuning uchun narx siyosatini to‘g‘ri ko‘rib chiqish kerak.

Keyingi bosqichda tadbirkorlik sub'yektlari o‘ziga ko‘proq mijoz bo‘lishini istasa, o‘zining tariflari va narxlarini imkon qadar arzon qilgan holda tadbirkorlik subektlariga keng, qulay va sifatli xizmatlar yaratib bergani maqsadga muvofiq.

Onlayn nazorat kassa mashinalari soliqlar ko‘payishiga xizmat qiladimi?

Onlayn nazorat kassa mashinalari(ONKM)ni joriy qilishdan asosiy maqsad ––soliqlarni ko‘paytirish emas, balki iste'molchilar huquqlarini himoya qilishdan iborat.

Sababi bizda avval foydalanilgan nazorat kassa mashinalarida cheklarda faqatgina umumiy summa bo‘lgan xolos. Ya'ni, iste'molchi nima tovar sotib olgani, uning tarkibi nimalardan iborat ekani ko‘rsatilmagan.

Avvallari fuqaro do‘kondan sotib olgan tovarining sifatsiz ekanini aniqlasa, uning cheki bilan kelgan taqdirda ham aynan shu magazinning tovarini olganini isbotlab berishning imkoniyati bo‘lmagan.

Hozirgi ONKMning asosiy talablaridan biri –– berilgan chekda mahsulot tarkibi, miqdori va qancha qiymatda sotilgani aniq ko‘rsatib o‘tiladi. Mobodo iste'molchida qanaqadir e'tirozlar paydo bo‘ladigan bo‘lsa, bu tovarni chek bilan birga kelgan holda o‘zining huquqlarini talab qilish imkoni mavjud.

Qolaversa, ONKMning asosiy xususiyati savdo operatsiyasi haqidagi axborotlar Davlat soliq qo‘mitasiga onlayn rejimda yuboriladi. Ma'lumotlarni keyinchalik o‘zgartirib bo‘lmaydi. Avvalgi apparatlar xotirasiga o‘zgartirish kiritilib, orqaga aylantirib qo‘yish muammolari ko‘p uchragan. Bundagi ma'lumotlar esa o‘sha zahoti yuborilgani hisobiga buni orqaga aylantirishning hech qanaqa iloji yo‘q. Bu to‘liq yopilgan.

Mazkur tizim soliqlarni hisoblash bazasini to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi. Soliq hisobotlarini avtomatik ravishda shakllantirish, aylanma yoki umumiy belgilangan soliq to‘lovchilar bo‘ladimi, bu yerda ularni qancha savdo tushumiga ega ekanligi to‘g‘ridan to‘g‘ri ma'lumotlar bazasida shakllanadi va u yerda soliq hisobotida o‘sha narsa aks etadi.

Yangi tizimning qanday ahamiyati bor?

ONKM birinchi navbatda tadbirkorlik sub'yektlari hisob tizimlarini avtomatlashtirish imkonini beradi. Ya'ni sotilgan mahsulotning miqdori, qiymati, daromadlilik darajasi, qaysi mahsulotlar ko‘proq yoki kamroq sotilganini ham taqqoslash imkoniyati bor.

Yana bir jihati soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida har bir tadbirkorlik subekti o‘zi sotgan cheklarni ko‘rib borishi, tahlil qilishi mumkin. Shuningdek, qaysi mahsulotlari xaridorgir yoki kerakli daromadni bera olmayotganini ham avtomatlashtirish imkoniyatlari joriy etilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ONKMga xizmat ko‘rsatish uchun oylik abonent to‘lovi narxi shakllanishi va belgilanishi yuzasidan qo‘mitaga murojaat kelib tushgan. Hozirda mazkur masala o‘rganilmoqda.

Top