13:55 / 20.01.2021
8720
Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida poyga uyushtirgan shaxslar jazolandi

Joriy yilning 19 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda Mercedes-Benz va Malibu haydovchilari poyga uyushtirgani haqida ma'lum qilingan videolavha tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ushbu videolavha o‘rganib chiqilganini ma'lum qildi. YHXBB hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 18 yanvar kuni Nukus shahar hududidan o‘tgan A-380 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida Mercedes-Benz S400 avtomobili haydovchisi S.J. va Malibu avtomobili haydovchisi A.A. yo‘l harakati qoidalarini chetlab o‘tgan holda, boshqa harakat qatnashchilarining erkin harakatiga xalaqit berib, poyga uyushtirgan va qoidabuzarlik sodir etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB mas'ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgani va qoidabuzar haydovchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilgani aytiladi. 

“Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga amal qilishni so‘rab, qoidalarni chetlab o‘tganlarga jazo chorasi ko‘rilishini eslatib o‘tamiz”, - deyiladi IIV xabarida.

Top