22:10 / 20.01.2021
1743
Yosh ijodkorlar muallifligidagi 15ta yangi kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi

20 yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tadbirlar zalida o‘zbekistonlik 15 nafar yosh ijodkorning chop etilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, Yozuvchilar uyushmasining «Birinchi kitobim» loyihasi doirasida o‘tgan taqdimotda yozuvchi, shoir, dramaturg, adabiyotshunos olimlar, tarjimon va yosh ijodkorlar qatnashgan.

Tadbir davomida uyushma raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib, ilk to‘plamlarni nashr qilishda nimalar e'tiborga olingani haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, ilk to‘plami chop etilgan ijodkorlar 2018 yilda Zomin seminarida qatnashgan, ijodiy ishlari yuqori baholangan, shuningdek, vaqtli matbuotda asarlari doimiy ravishda chop etib kelinayotgan umidli yoshlar ichidan saralab olingan.

«Bu jarayonda ustoz adiblarimiz yo‘nalishlar bo‘yicha yosh ijodkorlarning asarlari bilan yaqindan tanishishdi. Ularning fikrlari asosida she'riyat, nasr, badiiy publitsistika va dramaturgiya bo‘yicha jami 15 nafar ijodkorning asarlari tanlab olindi», – dedi uyushma raisi.

Taqdimot davomida Mahliyo Umrzoqovaning «Tuyg‘ular alangasi», Anvar Botirning «Ulg‘ayish», Bobur Hamroning «Shiroqning qaytishi», Yahyo Fayozning «Baxtimizning zar tumorlari», Yulduz O‘rmonovaning «Uyg‘oq yulduzlar», Mirzohid Muzaffarning «Fosh», Akmal Tursunovning «Burgutqoya», Rahmat Bobojonning «Iztirob shiviri», Anvar Allaberganovning «Gullayotgan chechaklar», Bek Alining «Men axir senman», Asror Solijonning «Sevgirang nigoh», Madina Norchayevaning «Kaftdagi yo‘l», Azizbek Norovning «Eynshteyn jumbog‘i», Raxshona Ahmedovaning «Orzu va dengiz» hamda Abdurauf Zokirovning «Ona zamin» kitoblari birinchi to‘plam sifatida o‘quvchilar e'tiboriga havola etildi.

Tadbir davomida adabiyotshunos, shoir va dramaturglar so‘zga chiqib, ilk to‘plami nashr qilingan ijodkorlarni tabriklagan, ijodlarini tahlil qilgan holda ulardagi eng katta kamchilik kitob o‘qimaslik, katta yozuvchi va shoirlarning ijodi bilan tanish emasliklarini tanqid qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, «Ijod» jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan loyihada har bir muallifning kitobi «Adabiyot» nashriyotida 10000 nusxadan chop etilgan.

Marosim davomida to‘plam mualliflariga qalam haqi va o‘z kitoblari ham topshirilgan.

Top