21:23 / 21.01.2021
7591

2020 yilda O‘zbekistonning asosiy kapitaliga kiritilgan investitsiyalar oqimi pasaydi

2020 yilning yanvar-dekabr oylarida 202 trillion so‘m asosiy kapitalga bo‘lgan investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Ularning 65,4 foizi jalb etilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan, korxona, tashkilot va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan summa esa 34,6 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davriga nisbatan 8,2 foizga kam.

Foto: Shutterstock

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonning asosiy kapitaliga kiritilgan investitsiya miqdori haqida ma'lumot berdi.

Ma'lumotga ko‘ra, o‘tgan yili jami investitsiyalar hajmida, markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalarning ulushi 2019 yilning mos davridagi ulushga nisbatan 8 foiz punktda kamayib, 19,5 foizni yoki 39 trillion 310 milliard so‘mni tashkil etgan.

Mos ravishda, markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobidan 162 trillion 289,9 milliard so‘m yoki jami investitsiyalarning 80,5 foizi o‘zlashtirilib, 2019 yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 8 foiz punktga ko‘paygan.

Davlat, mahalliy hokimiyat organlari darajasida yaratiladigan pul mablag‘lari fondlari – markazlashgan fondlar deb, xo‘jalik sub'yektlari darajasida, uy xo‘jaliklari miqyosidagi pul fondlari esa markazlashmagan fondlar deb nomlanadi.

2020 yilning yanvar-dekabr oylarida korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar 51 trillion 911 milliard so‘m yoki jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 25,7 foizini tashkil etgan. Aholi mablag‘lari hisobidan jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 8,9 foizi yoki 18 trillion 77 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan.

To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 28 trillion 740 milliard so‘mni tashkil etgan va 2019 yilning mos davriga nisbatan 5,3 foiz punktga kamayib, 14,2 foizni tashkil etgani ma'lum qilindi.

2020 yil yanvar-dekabr oylarida 86 trillion 647 milliard so‘m yoki asosiy kapitalga investitsiyalarning 42,9 foizi xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan o‘zlashtirilgan. Jami xorijiy investitsiya va kreditlar tarkibida xorijiy investitsiyalar 32 trillion 847 milliard so‘mni tashkil etgan va qolgan 53 trillion 799,8 milliard so‘m xorijiy kreditlar hisobiga to‘g‘ri kelganligi ma'lum qilingan.

Asosiy kapitalga investitsiyalarning iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tarkibida qayta ishlash sanoati yetakchilik qilgan. Ushbu iqtisodiy faoliyat turida jami moliyalashtirish manbalari hisobidan 62 trillion 805 milliard so‘m yoki jami asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 31,1 foizi o‘zlashtirilgan. Keyingi o‘rinlarda tog‘-kon sanoati(11,6 foiz) va turar joy qurilishi(9,5 foiz)ga eng ko‘p investitsiya jalb qilingan.

Ma'lumot uchun, 2019 yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi 220,7 trillion so‘mni tashkil qilgan.

Top