19:29 / 21.01.2021
4721

O‘qituvchilar malakasini oshirishda nodavlat sektor davlat muassasalaridan samaraliroq ishlayotgani aytildi

18-19 yanvar kunlari Ta'lim inspeksiyasi ishchi guruhi ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini joyiga chiqqan holda o‘rganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha 19 yanvar kuni Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatdagi pedagoglarning attestatsiya jarayonlarida qayd etayotgan natijalari bu boradagi yutuq va kamchiliklar ham muhokama qilindi.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda viloyat maktablaridagi oliy toifali pedagoglar soni ikki barobarga oshgan. Bugungi kunda viloyat maktablarida ishlayotgan jami 26 ming 145 nafar oliy ma'lumotli o‘qituvchilarning 1 716 nafarini (6 foiz) oliy toifali o‘qituvchilar tashkil etadi. 2018 yilda ushbu ko‘rsatkich 2,6 foizni tashkil etardi. Shuningdek, o‘qituvchilarning 5 044 nafari (17,7 foizi) birinchi toifali, 8 461 nafari (29,6 foiz) ikkinchi toifali o‘qituvchilar hisoblanadi. Bu respublika miqyosida boshqa hududlarga qaraganda yaxshiroq ko‘rsatkich sanaladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev qanday qilib viloyatda oliy toifali o‘qituvchilar ulushi qisqa muddatda oshganiga izoh berib o‘tdi.

«O‘rganish davomida viloyatdagi malakali o‘qituvchilar tomonidan nodavlat malaka oshirish kurslari tashkil etilib, u yerda o‘qituvchilarga toifa sinovlariga tayyorgarlik bo‘yicha kurslar tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik. O‘qituvchilar hududiy malaka oshirish markazida ololmagan bilimlarini aynan shu kurslarda olishgan va bu kurslarning natijadorligi o‘qituvchilar tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Bu yana bir bor pedagoglar malakasini oshirishga xususiy sektorni keng jalb etish tashabbusi to‘g‘riligining yana bir isbotidir», dedi Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i.

Yig‘ilishda xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi faoliyatida mavjud muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, markazda o‘qituvchining malaka oshirishdan keyingi faoliyatini o‘rganish va tahlil qilishning mukammal elektron portfolio tizimi ishlab chiqilmaganligi, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta'minlanmaganligi, amaliy fanlar (texnologiya, tasviriy san'at va chizmachilik, musiqa)dan tinglovchilar uchun amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun jihozlar mavjud emasligi, aksariyat tinglovchilarning minimum talab darajasida AKTdan (40-50 foiz) foydalanishni va chet tilini (80-90 foiz) bilmasligi malaka oshirishni samarali tashkil etish imkonini bermayotgani ta'kidlandi.

O‘z navbatida, Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i ushbu markazga yangi rahbar tayinlangani va yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun harakatlar boshlanganini ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2021 yil 1 martdan boshlab litsenziyaga ega nodavlat ta'lim tashkilotlariga xalq ta'limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berilgan edi.

Bunda:

xalq ta'limi xodimlari o‘z ixtiyoriga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalarida yoki litsenziyaga ega nodavlat ta'lim tashkilotlarida malakasini oshirishi mumkin;

oliy ta'lim tashkilotlari va nodavlat ta'lim tashkilotlarining pedagog kadrlar malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ushbu maqsadlar uchun Xalq ta'limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida qoplanadi.

Top