09:30 / 21.01.2021
1840
«O‘zbekneftgaz»: Mahalliylashtirish va kooperatsiya bo‘yicha virtual ko‘rgazma ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil noyabr oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlarga muvofiq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zbekneftgaz» AJning onlayn ko‘rgazma portali (virtual ko‘rgazmasi) test rejimida ishga tushirildi.

Portaldan tizim tarkibidagi 8 ta sanoat korxonasi bo‘yicha 8500dan ortiq turdagi xarid mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj hamda 20dan ortiq turdagi ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari haqida ma'lumotlar o‘rin olgan.

Portalning kirish sahifasida Qarshi shahrida tashkil etilgan mahalliylashtirish va kooperatsiya paviloniga 360 darajali periferik tur tashkil etilgan.

Ta'kidlash joiz, respublika xo‘jalik birlashmalari orasida ilk marotaba eksperimental ko‘rinishda tashkil etilgan mazkur portal foydalanuvchi bilan onlayn rejimda qayta aloqa o‘rnatish, mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha buyurtmalarni ro‘yxatga olish, shou-rumlarga onlayn tashrif buyurish kabi funksiyalar bilan jihozlangan.

Tovar-moddiy boyliklar – ularga bo‘lgan yillik ehtiyoj miqdori, ularning jismoniy hajmi, tashqi ko‘rinishi, foydalanish maqsadi, talab etiladigan standartlar hamda texnik topshiriqnomalar bo‘yicha joylashtirildi.

Hozirda portaldan foydalanish bo‘yicha animatsion rolikni tayyorlash, portalni o‘zbek va ingliz tilidagi ko‘rinishlarini to‘liq ishga tushirish, respublika yagona elektron kooperatsiya portali (cooperation.uz) hamda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan joriy etilayotgan raqamlashtirilgan tizimlarga to‘liq integratsiya qilish ustida ishlar olib borilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top