09:47 / 21.01.2021
6412

Samarqanddan jami 150 nafar rahbar salomatligini tiklash uchun ta'tilga chiqqani ma'lum qilindi

Samarqand viloyatida ishlaydigan rahbarlardan 150 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tib davolanmoqda. Qolgan 24 nafar rahbar o‘z ta'tilini 28 yanvardan boshlaydi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Prezident Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq mamlakatimizdagi barcha mahalliy hokimlik hamda sektor rahbarlari tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun 7 fevralgacha bo‘lgan muddatda 2 bosqichda qisqa muddatli ta'tilga chiqmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, mazkur jadvalga ko‘ra, bugungi kunda birinchi bosqichda samarqandlik rahbarlardan 150 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tib, davolanmoqda. Jumladan, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov va viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Alovitdin Inag‘omov Toshkent shahrida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, zaruriy muolaja olyapti.

Viloyat hokimining 3 nafar maslahatchisi (yordamchi), 48 nafar sektor rahbarlari (tuman/shahar prokurorlari, IIB va DSI boshliqlari), 96 nafar tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari viloyat tibbiyot markazlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, muolaja olmoqda. Muolajalar joriy yilning 27 yanvariga qadar davom etishi belgilangan.

Xabarda ta'kidlanishicha, 28 yanvardan 7 fevralgacha davom etadigan ta'tilning ikkinchi bosqichida Samarqand viloyatidan 8 nafar viloyat hokimining o‘rinbosari, 16 nafar tuman va shahar hokimlari, jami 24 nafar rahbar Toshkent shahrida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, davolanishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev ham 4–11 yanvar kunlari ta'til olgandi.

12 yanvar kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov sog‘ligini tiklash maqsadida ta'tilga chiqqani ma'lum bo‘ldi. U ayni paytda ham Toshkent shahrida davolanmoqda.

17 yanvar kuni Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev ham profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun qisqa ta'tilga chiqqani xabar qilindi.

Qonunchilikka muvofiq, viloyat hokimlari hukumatning Tibbiyot bosh boshqarmasida ro‘yxatda turadi. Ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida.

Top