23:48 / 21.01.2021
10560
Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi IT Park'ni borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi Davlat xizmatlari markazi va IT Park'ni borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu yerda «yagona darcha» tamoyili asosida 130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Binoda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxona, FHDYo bo‘limi, notarial idora ham joylashgani aholiga qulaylik yaratgan. Kutish zalida kitoblar jovoni tashkil etilgan.

Davlat rahbari xizmatlar narxini arzonlashtirish, uzoq mahallalar aholisiga sayyor va onlayn xizmat ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ham ochilgan. Moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, axborot xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Binoning ikkinchi qavatida IT Park'ning Buxoro filiali joylashgan. Bu yerda ham o‘quvchilar, ham talabalar, ham frilanser va dasturchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bolalar maktab davridan o‘yinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtiriladi, keyin o‘qitilib, loyihalar ishlab chiqishga o‘rgatiladi. Bu yerda yosh havaskorlar, robototexniklar, veb-dizaynerlar, professional dasturchilar yig‘ilgan.

Prezident bu soha mamlakat taraqqiyoti uchun juda muhim ekanini ta'kidladi.

«Buxoro azaldan ilm-fan markazi bo‘lgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Buxoroning IT sohasi bo‘yicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa – sharoit, resurs, intellekt bor», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari «Mandey LABS» korxonasiga asos solgan 25 yoshli Saidravshan Shokirov, xalqaro IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayotgan dasturchi Shahrullo Tuxsanov va boshqa yoshlar bilan suhbatlashdi.

Dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha yosh dasturchilarga buyurtma berish, mablag‘, energiya resurslari va vaqtni tejovchi dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

IT Park uchun Bukhara City majmuasida 9 va 12 qavatli zamonaviy binolar qurilmoqda. Majmuada kovorking markazi, ofislar, mehmonxona, restoran va sport zallari bo‘ladi. U yerda 700 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Top