07:57 / 21.01.2021
7792

TIV Qirg‘izistonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘shimcha talablar haqida ogohlantirdi 

O‘zbekistonning Bishkek shahridagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2021 yil 13 yanvarda qabul qilingan «Qirg‘izistonga kirib kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan COVID-19 koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan harakatlar tartibi» talablariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu tartibga ko‘ra, Qirg‘iziston va chet davlatlar fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar koronavirus infeksiyasi yo‘qligini tasdiqlovchi, so‘nggi 72 soat mobaynida (tahlil natijasi olingan vaqtdan boshlab) o‘tkazilgan PZR test javobini taqdim etgan holdagina Qirg‘izistonga uchayotgan havo kemasi bortiga kirishiga ruxsat beriladi.

Qirg‘izistonga kirib kelgandan so‘ng sanitar-karantin shoxobchalari xodimlari tomonidan yo‘lovchilar chegarani kesib o‘tayotganda PZR test natijasi mavjudligi tekshiriladi va ularning tana harorati o‘lchanadi.

Samolyot bortida yo‘lovchilarga «Qirg‘izistonga kirib keluvchi so‘rovnomasi» berilib, u to‘ldirilgandan so‘ng sanitar-karantin shoxobchalari xodimlariga taqdim etilishi lozim.

Uzrli sabablar, shu jumladan, parvoz muddati yoki aviareysning kechiktirilishi tufayli PZR testning amal qilish muddati (72 soat) o‘tgan taqdirda, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kelish joyida (aeroportlarda) PZR test topshirishi lozim.

Mazkur talablar Qirg‘izistonga avtotransport bilan kirib keladigan fuqarolar uchun ham amal qiladi. «Qirg‘izistonga kirib keluvchi so‘rovnomasi» mamlakat davlat chegarasi nazorat-o‘tish nuqtalaridan to‘ldiriladi.

Shu bilan birga, ko‘rsatilgan talablar quyidagi toifalar uchun tatbiq etilmaydi:

  • Qirg‘izistondagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, xalqaro tashkilotlarning vakillari (ularning kelishi haqida Qirg‘iziston TIV orqali oldindan xabar berilgan bo‘lishi lozim);
  • rasmiy delegatsiyalar a'zolari (ularning kelishi haqida Qirg‘iziston TIV orqali oldindan xabar berilgan bo‘lishi lozim);
  • xalqaro yuk tashuvchi, xalqaro muntazam yo‘lovchilarni, shu jumladan, maktabgacha yoshdagi (7 yoshga qadar) bolalarni tashuvchi haydovchilar;
  • mamlakatdagi saylov jarayonlarini kuzatish uchun taklif qilingan xalqaro kuzatuvchilar.

Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan yuqorida keltirilgan talablarni hisobga olishni so‘ragan.

Mavzuga oid
Top