20:18 / 22.01.2021
3452
Gruziya 1 fevraldan xalqaro aviaqatnovlarni tiklaydi

Endi Gruziya hukumati mamlakatga kirish tartibini yengillashtirish masalasini muhokama qiladi.

Foto: photo.airlines-inform.ru

Gruziya 1 fevraldan xalqaro aviaqatnovlarga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlaydi. Bu haqda iqtisodiy rivojlanish vaziri Natiya Turnava ma'lum qildi.

"Biz 1 fevraldan muntazam reyslarga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash mumkin deb hisobladik. Bu Gruziyada ishlayotgan va Gruziya bilan ishlashni istagan barcha aviakompaniyalar muntazam reyslarni rejalashtirish va amalga oshirishi mumkinligini bildiradi", - dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu barcha tibbiy protokollar va virus xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.

Endi Gruziya hukumati mamlakatga kirish tartibini yengillashtirish masalasini muhokama qiladi.

"Yaqin vaqt ichida, bahor mavsumida ko‘plab turistlarni qabul qilishni mo‘ljallamoqdamiz. Kelgusi haftada turoperatorlar, turistik kompaniyalar bilan tayyorgarlik masalalarini muhokama qilamiz", - dedi Turnava.

Top